Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom 6-bandiga ko‘ra ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali (bosh o‘qituvchi lavozimidagi) pedagog kadrlar majburiy attestatsiyaga jalb etilmasligi belgilangan edi.
Ushbu bandga Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori bilan kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra oliy malaka toifa (bosh o‘qituvchi lavozimi)ga ega bo‘lganidan so‘ng oliy malaka toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydi. Ularning toifasi saqlanadi.
Mazkur o‘zgarish 2022-yil 2-avgustdan kiritilgan.
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonun 41-moddasiga ko‘ra normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Qoidaning mazmuniga ko‘ra pedagog xodim oliy toifani olgandan so‘ng uni 3 marta himoya qilgan bo‘lsa (bu 15 yilga teng), uning toifasi saqlanadi.
Bu haqida vazirlik ham alohida ko‘rsatma xat bilan chiqqan. Uning mazmunida ham VM 425-son qaror bilan kirgan o‘zgarish 2022-yil 2 avgustdan boshlab kuchga kirishi belgilangan.
Shunday ekan pedagog 2022-yil 2-avgustga qadar bo‘lgan davrda 15 yillik uzluksiz pedagogik ish stajiga hamda oliy toifaga ega bo‘lgan bo‘lsa, uning toifasi saqlanadi.
Bunda Nizomning 32-bandiga ko‘ra imtiyozga ega pedagog kadrlar har yili 1-yanvardan 31-dekabrga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri attestatsiyadan o‘tkazilmasdan malaka toifasi (lavozim) sertifikatini olish uchun bevosita davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud vakolatli vazirliklarning rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladilar.
Shuningdek, pedagoglar ushbu masalada yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasiga murojaat qilishi kerak.