2024-yil 20-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchi qizlar o‘qituvchisini kaltaklagani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur hodisa Sirdaryo viloyatidagi 2-sonli maktabda sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy bayonot berdi.
Videoyozuvda ikki o‘quvchi qizning o‘qituvchiga hujum qilib, uni sochidan tortib urayotgani tasvirlangan. Yon atrofda bo‘lgan o‘qituvchilar yordam ko‘rsatishga harakat qilganlari aks etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro 7-oktyabr kuni yuzaga kelgan.
Bayonotda keltirilishicha, maktabda qizlar va ularning ota-onalari ishtirokida yig‘ilish o’tkazilgan. Hozircha tortishuv sabablari haqida ma’lumot berilmagan.
“Holat Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va soha mas’ullari nazoratga olinadi. Oʻrganishlar yakunida holat yuzasidan qoʻshimcha ma’lumotlar beriladi” – deyiladi bayonotda.