O‘tgan 2 yil davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2 ta OTMga litsenziya berilgan, 7 tasining litsenziyasi bekor qilingan. Bu haqida vazirlik matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2024-yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik subyektlaridan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya olish uchun “Litsenziya” axborot tizimiga orqali jami 412 ta arizalar kelib tushgan.
Arizalarning 153 tasi professional ta’lim, 241 tasi oliy ta’lim hamda 18 ta oliy ta’limdan keyingi ta’lim xizmatlariga to‘g‘ri keladi.
Ushbu arizalarning jami 55 tasi ijobiy baholanib, belgilangan tartibda litsenziya rasmiylashtirilgan.
Jumladan, 20 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining mavjud litsenziyasiga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lsa, 26 ta nodavlat professional ta’lim tashkiloti, 2 ta nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hamda 8 ta nodavlat oliy ta’limdan keyingi ta’lim xizmatlari uchun litsenziyalar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, vazirlik matbuot kotibi brifing davomida nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘tkazilayotgan o‘rganishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2023-yilda jami 69 ta, 2024-yilda 26 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari faoliyati o‘rganilgan.
O‘rganilgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 1 oy muddat berilgan.
Berilgan muddatlarda kamchilikni bartaraf etmagan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tegishli Sudlarga da’vo arizalari kiritildi.
Jumladan, o‘rganish natijalariga asosan 2023-yilda 6 ta, 2024-yilda 5 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarini litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tegishli Sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Sud jarayonlarida 2023-yilda jami 6 ta oliygohning, 2024-yilda esa 1 ta oliygohning litsenziyasi bekor qilingan. 4 ta holatda tegishli Sudlar tomonidan vazirlik kiritgan davo arizalarni qanoatlantirmasdan qoldirgan.
2023-yilda litsenziyasi sud tartibida bekor qilingan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olgan 8 mingga yaqin talabalarning o‘qishi boshqa nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga vazirlik tomonidan ko‘chirib o‘tkazilgan.
“Litsenziyasi bekor qilingan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining barcha talabalari arizalariga ko‘ra boshqa oliygohlarga o‘qishi ko‘chirilgan, birorta talabaning muammosi yechimsiz qolmagan”, – deydi vazirlik matbuot kotibi.