Huquqshunoslik fanidagi test savollaridan norozi abituriyentlar Bilim va malakalarni baholash agentligini sudga berdi.
Avvalroq, huquqshunoslik fani bo‘yicha tuzilgan savollar abituriyentlar hamda keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgani haqida ma’lum qilgan edik.
Advokat Muhriddin Shamsiddinovning ma’lum qilishicha, ushbu holatdan norozi bo‘lgan abituriyentlar Bilim va malakalarni baholash agentligini sudga berdi.
“Joriy yil iyul oyida yuridik yo‘nalishlarga imtihon topshirgan abituriyentlarga moddalar sanksiyalaridan (qancha jarima belgilangan, necha yilga “qamaladi” kabi) savollar tushgan.
Universitetda o‘qib yurgan vaqtlarimda ustozlarim modda sanksiyasini yodlashni qat’iy man etardi. Ya’ni biz umuman sanksiya yodlamasdik. Chunki birinchidan, yodlashni umuman imkoniyati yo‘q, ikkinchidan, bu kelgusi faoliyatda umuman kerak bo‘lmaydi.
Bugundan advokat sifatida ishga kirishdim. Hozir Toshkent tumanlararo ma’muriy sudidaman. Ish bilan tanishish va OAVni jalb etish bo‘yicha sudga iltimosnoma taqdim etaman”, – deyiladi xabarda.
Oldinroq, Bilim va malakalarni baholash agentligi ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirgan edi.