Pedagog oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishda qanday huquqlarga ega?

Pedagog oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:

 

–  zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, oʻqitish va tarbiya vositalarini hamda usullarini erkin tanlash va ulardan foydalanish;

 

–  belgilangan tartibda mualliflik dasturlarini va oʻqitish uslubiyotini ishlab chiqish va joriy etish, ijodiy faollik koʻrsatish, shuningdek tegishli oʻquv fanlari, kurslari va modullaridan foydalanish;kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;

 

–  oʻquv, ilmiy va uslubiy yoʻnalishlardagi davlat axborot-resurs hamda axborot-kutubxona markazlarining xizmatlaridan bepul foydalanish;

 

–  davlat taʼlim standartlarini, davlat taʼlim talablarini, malaka talablarini, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etish;

 

–  ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyatni amalga oshirish, tajriba-sinov faoliyatida ishtirok etish, innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish;

 

–  qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy taʼtil olish;

 

–  taʼlim tashkilotini boshqarishda, shuningdek taʼlim tashkilotining faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;

 

–  oʻz kasbiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish uchun pedagoglarning jamoat birlashmalariga birlashish va ularda ishtirok etish;

 

–  oʻz kasbiy faoliyatiga gʻayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish;

 

–  pedagogik faoliyati davomida oʻziga biriktirilgan sinfdagi (guruhdagi, kursdagi) taʼlim oluvchilarning bilimini mustaqil baholash;

 

–  taʼlim oluvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;

 

–  davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy koʻrikdan bepul oʻtish (davlat taʼlim tashkilotlari uchun);

 

–  taʼlim oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etish.

 

Pedagog qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

 

Pedagog oʻzining kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida oʻz shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish uchun sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan, shuningdek oʻz huquqlarini buzayotgan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilgan taqdirda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi.

 

Taʼlim tashkiloti tomonidan pedagogning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, pedagog maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmagan holda, oʻz arizasida huquqbuzarning shaxsi, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatib, sudga bevosita murojaat qilishga haqli.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры