Ijtimoiy tarmoqlarda o’qituvchi dars vaqtida o’quvchini kaltaklaganligi aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi:
“Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida 2024-yil 23-sentabr kuni taxminan soat 15 lar atrofida, ikkinchi smenada, 6-“V” sinfida rus tili fani darsida o’qituvchi R.O. o’quvchi E.G. gap qaytargani uchun tortishib qolgan.
So‘ng o‘qituvchi o‘quvchini qulog‘idan tortgan, o‘tirgan joyidan olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. O‘quvchiga tan jarohati yetkazmagan, salomatligi joyida.
Bundan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi o‘qituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o’rnida, rus tili fani o’qituvchisi R.O. sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan va rasman ishga qabul qilinmagan. Yuqoridagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir bo’lgan”, – deyiladi munosabatda.