Boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining milliy sertifikat imtihonlarida qatnashuvlar soniga cheklov qoʻyilmagan, roʻyxatdan oʻtish 5-noyabrgacha davom etadi.
Bugun, 23-oktyabrdan boshlab boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun maxsus milliy sertifikat imtihoni uchun roʻyxatdan oʻtish boshlandi.
Bilim va malakalarni baholash agentligining Talimxabarlari.uzʼga maʼlum qilishicha, ushbu sertifikat imtihoni uchun talabgorlar soniga cheklov qoʻyilmagan, yaʼni limit belgilanmagan. Roʻyxatdan oʻtish 5-noyabrgacha davom etadi.
Shuningdek, arizachilar imtihon uchun toʻlovni 24 soat ichida emas, belgilangan muddatgacha qilishlari mumkin. Ya’ni, agentlik taqdim etgan jadvalga muvofiq, toʻlovning oxirgi sanasi 6-noyabr etib belgilangan. Ammo tahririyatimizga kelgan maʼlumotlarga koʻra, toʻlov qilish uchun 30 kun muddat koʻrsatilgan.
Muhim! Imtihon natijalariga koʻra talabgorlarga 3 yil muddatga amal qiluvchi A+, A, B+, B, C+ va C darajali milliy sertifikatlar beriladi.
B+ va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega boʻlgan, boshlangʻich sinflarda dars beruvchi boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga ega oʻqituvchilarga lavozim maoshining 15 foizi miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanadi.
