Toshkent shahridagi 183-maktabda YHXB xodimlari ishtirokida tasvirga olingan video ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ta’lim va fan vazirligi tadbir maktab bilan oldindan kelishilmaganini ma’lum qildi.
O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov (Press Qahramonning) Chilonzor tumanidagi 183-maktabda tasvirga olgan videosi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Videoda 3 nafar YHXB xodimlari dars xonasiga kirib, o‘quvchilar bilan suhbat olib borishadi. Qahramon Xudoyberganov o‘quvchilardan mashinada haydovchi yonidagi oldingi o‘rindiqda o‘tirib maktabga kelishi haqida so‘raydi. Bolalar o‘z ismlarini va otalarining ismlarini aytadi. Xudoyberganov esa ularning otalarini chaqirtirishini, yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun chora ko‘rilishini bildirib, bolalardan bu holatni takrorlamaslikka va’da oladi.
Video Qahramon Xudoyberganovning instagramdagi sahifasiga joylanadi va ko‘plab tanqidiy fikrlarga sabab bo‘ladi. Holat haqida fikr bildirganlar bolalar bilan noto‘g‘ri muomala qilingani va ularning tasvirlari ruxsatsiz ijtimoiy tarmoqlarga joylangani haqida keskin, negativ fikr bildirishgan. Ushbu videoning izohlar qismi yopib qo‘yilgan, ko‘rishlar soni esa ayni vaqtda 8 milliondan oshgan.
Ta’lim va fan vazirligi bu tadbir oldindan kelishilmaganini ma’lum qildi.
Vazirlikning bildirishicha, xodimlar maktabga soat 11:40 atrofida kirgan, boshlang‘ich sinflarning darslari esa 11:20 da tugagan edi. Vazirlik bolalarni formadagi xodimlar oldida bunday vaziyatga qo‘yish ularning huquqlariga daxl qilishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.
