Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Yangi davlat oliy ta’lim tashkilotida ta’lim jarayonlari 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi. Akademiyada bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi, 2027/2028-o‘quv yilidan esa dual ta’lim shakli joriy etiladi.

 

Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qarori bilan Toshkent xalqaro moda akademiyasini tashkil etish belgilandi.

 

Akademiya davlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi. U Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Parij xalqaro moda akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.

 

Qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Akademiya diplomi beriladi.

 

Akademiyada o‘quv jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. Talabalarni o‘qishga qabul qilish amaldagi qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda amalga oshiriladi.

 

Qo‘shma ta’lim dasturlari bilan bir qatorda Akademiyaning o‘z ta’lim dasturlari asosida bakalavriat va magistratura bosqichlarida ham kadrlar tayyorlanadi.

 

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxona va tashkilotlar buyurtmasi asosida dual ta’lim shakli joriy etiladi.

 

Ta’lim jarayoniga mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari hamda ilmiy tadqiqotchilari jalb etiladi. Talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun to‘qimachilik va yengil sanoat korxonalarida amaliyot tashkil qilinadi, hamkor korxonalarda Akademiya kafedralari filiallari ochiladi.