Surxondaryolik uslubchi kimyo fani o‘qituvchilari uchun veb-platforma ishga tushirdi (video)

Surxondaryolik uslubchi kimyo fani o‘qituvchilari uchun veb-platforma ishga tushirdi (video)

Surxondaryolik uslubchi kimyo o‘qituvchilari uchun maxsus platformani ishga tushirdi. Bu haqda Ta’limni rivojlantirish markazi Axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov telegram kanalida xabar berdi.

 

Surxondaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi uslubchisi Nodirbek Ziyodullayev yillar davomida rejalashtirib kelgan g‘oyasini ikki kun ichida hayotga tatbiq etdi. U kimyo fani o‘qituvchilari uchun kimyogar.uz veb-platformasini yaratgan.

 

Ma’lum qilinishicha, platforma Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va AQShning Jorjtaun universiteti hamkorligida o‘tkazilgan uch kunlik xalqaro o‘quv-amaliy seminarda olingan bilim va ko‘nikmalar asosida vujudga kelgan.

 

Platformada nimalar bor?

 

Tizimga umumta’lim maktablaridagi kimyo fani o‘qituvchilarining ehtiyojini qondiradigan barcha materiallarni bosqichma-bosqich joylashtirish maqsad qilingan. Hozirda Surxondaryo viloyatida 1300 nafar kimyo o‘qituvchisi faoliyat yuritmoqda.

 

Platforma interfeysida yangiliklar, darsliklar, virtual laboratoriyalar, metodik ta’minot (materiallar), testlar, foydali saytlar, YouTube platformasiga fanga doir o‘quv filmlar integratsiyasi hamda kimyoviy elementlar davriy sistemasi joylashtirilgan. Jumladan, fanga oid kunlik barcha yangiliklar tizimda berib boriladi.

 

Bundan tashqari, maktab darsliklari raqamli hamda PDF fayl ko‘rinishida tizimga yuklangan.

 

Virtual laboratoriya

 

Nodirbek Ziyodullayevning ta’kidlashicha, platformada virtual laboratoriya va o‘quv simulyatsiyalari uchun alohida bo‘lim ajratilgan. U yerda jihoz bilan bog‘liq muammoli mavzularni bemalol virtual tajriba tarzida o‘tkazish imkoniyati mavjud.

 

Metodik ta’minot

 

Metodik ta’minot bo‘limida mavzulashtirilgan taqdimotlar, o‘quv filmlari va test topshiriqlari jamlangan. “Foydali saytlar” bo‘limida esa o‘qituvchilar kimyo faniga oid kerakli saytlarni topishlari mumkin.

 

Uslubchi bergan ma’lumotga ko‘ra, platformada muallif bilan bog‘lanish bo‘limi ham bor. Foydalanuvchilar tizimdan foydalanish bo‘yicha savollariga shu orqali javob olishlari mumkin.

 

Platformadan foydalanish ko‘nikmalarini avval viloyatdagi 1300 nafar kimyo o‘qituvchisiga, so‘ngra butun respublika kimyo fani pedagoglariga o‘rgatishni maqsad qilganman, — deydi Nodirbek Ziyodullayev.