Ta’lim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish uchun undiriladigan yig‘imlarni ayrim holatlarda belgilangan miqdorning to‘rtdan bir qismi miqdorida qo‘llash taklif etilmoqda. Tegishli o‘zgartirishlar nazarda tutilgan buyruq loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Muhokamalar portaliga ‘‘Taʼlim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish uchun yigʻimlar miqdorlari va ularni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Amaldagi nizomga ko‘ra, ta’lim tashkilotlaridan kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish uchun belgilangan miqdorlarda yig‘im undiriladi. Loyihada esa ayrim holatlarda ushbu yig‘imni kamaytirish imkoniyatini beruvchi yangi band kiritish taklif etilmoqda.
Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotining murojaati asosida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, Agentlik direktorining buyrug‘i bilan akkreditatsiya uchun yig‘im belgilangan miqdorning to‘rtdan bir qismi miqdorida qo‘llanilishi mumkin.
Bunday imkoniyat quyidagi holatlardan birortasi mavjud bo‘lganda, qo‘llanilishi mumkin:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarida yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlarida muayyan sohalar uchun kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, yangi ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar yoki ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan bo‘lib, ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish zarurati yuzaga kelganda;
- ta’lim tashkiloti bir vaqtning o‘zida kamida 10 ta ta’lim dasturini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilganda hamda mazkur ta’lim dasturlarini baholash jarayonlarini bir vaqtda tashkil etish natijasida ekspertlarni jalb etish va davlat akkreditatsiyasini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni maqbullashtirish imkoniyati mavjud bo‘lganda;
- ta’lim tashkilotining amaldagi ta’lim dasturlarining kamida 50 foizi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan yuritiladigan O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestriga kiritilgan akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan hamda ushbu akkreditatsiya natijalaridan davlat akkreditatsiyasi jarayonida foydalanish natijasida baholash ishlari hajmini qisqartirish imkoniyati mavjud bo‘lganda;
- ta’lim dasturining xususiyati, baholash mezonlari va indikatorlaridan kelib chiqib, joyiga chiqqan holda o‘rganish talab etilmasdan, maxsus davlat akkreditatsiyasini masofaviy shaklda o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lganda;
- ta’lim tashkiloti tomonidan maxsus davlat akkreditatsiyasiga bir vaqtning o‘zida 10 (o‘n) tadan kam bo‘lmagan ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha murojaat qilgan bo‘lsa;
- bir turdagi yoki turdosh ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda ular uchun umumiy bo‘lgan ta’lim, moddiy-texnika, axborot-resurs, kadrlar yoki boshqa infratuzilmani takroran baholash talab etilmasligi natijasida akkreditatsiya ishlarining amaldagi hajmi qisqarganda.
Yig‘imni kamaytirish uchun ta’lim tashkiloti Agentlikka yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi lozim. Arizaga faoliyatni amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjat nusxasi, tegishli holatlarni tasdiqlovchi vakolatli organlar hujjatlari va yig‘imni kamaytirishga asos bo‘luvchi boshqa ma’lumotlar ilova qilinishi kerak.
