O‘zbekistonda Scopus bo‘yicha qaysi oliygohlar yetakchi? 

O‘zbekistonda Scopus bo‘yicha qaysi oliygohlar yetakchi? 

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini baholashda Scopus bazasidagi nashrlar soni, ularning sifati va xalqaro iqtibos ko‘rsatkichlari muhim ahamiyatga ega. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat oliygohlarida jami 18 424 ta ilmiy nashr qayd etilgan.

 

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan Scopus ma’lumotlari asosida O‘zbekiston oliygohlarining ilmiy nashrlari va ularning sifat ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha tahlil e’lon qilindi.

 

Tahlilga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarining Scopus bazasida qayd etilgan ilmiy nashrlari soni 18 424 tani tashkil qilgan. Biroq nashrlar sonining o‘zi oliygohning ilmiy salohiyatini to‘liq ifodalamaydi. Jurnallarning xalqaro reytingdagi o‘rni, maqolalarga keltirilgan iqtiboslar va professor-o‘qituvchilar soniga nisbatan natijadorlik ham muhim ahamiyatga ega.

 

Ilmiy nashrlarning asosiy qismi qaysi toifaga to‘g‘ri keladi?

 

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi infografikasida ilmiy nashrlarning oliy ta’lim tashkilotlari toifalari bo‘yicha taqsimoti keltirilgan. Unga ko‘ra, ijtimoiy-gumanitar oliygohlar umumiy nashrlarning 56,6 foizini tashkil etgan. Amaliy oliygohlar ulushi 20,2 foiz, xalqaro reytinglarning TOP–1000 taligiga kirgan universitetlar ulushi 15 foiz bo‘lgan. Tibbiyot oliygohlari 8,1 foiz, ijod va sport yo‘nalishidagi oliygohlar esa 0,1 foiz ulushga ega.

Ilmiy nashrlar sifati bo‘yicha qaysi oliygohlar yetakchi?

 

Agentlik taqdim etgan infografikalarda oliygohlar tegishli toifalar doirasida reyting ballari va ilmiy nashrlar ko‘rsatkichlari asosida taqqoslangan.

 

Ijtimoiy-gumanitar oliygohlar orasida “Ma’mun” universiteti 3,00 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Toshkent shahridagi Amity universiteti 2,61 ball bilan ikkinchi, Tashkent International University of Education 1,82 ball bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Toshkent amaliy fanlar universiteti 1,62 ball, Turan International University esa 1,51 ball to‘plagan.

 

Amaliy fanlar toifasida “Yangi O‘zbekiston” universiteti 5,00 ball bilan birinchi o‘ringa chiqqan. Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti 0,82 ball bilan ikkinchi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 0,23 ball bilan uchinchi o‘rinni egallagan. Toshkent shahridagi Inha universiteti 0,22 ball, Toshkent kimyo-texnologiya instituti esa 0,17 ball bilan kuchli beshlikdan joy olgan.

 

Tibbiyot oliygohlari orasida Central Asian University 5 ball bilan yetakchi bo‘lgan. Samarqand davlat tibbiyot universiteti 0,43 ball, Buxoro davlat tibbiyot instituti 0,39 ball bilan keyingi o‘rinlarni egallagan. Toshkent farmatsevtika instituti 0,36 ball, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti esa 0,21 ball to‘plagan.

 

Ijod va sport yo‘nalishidagi oliygohlar orasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 2 ball bilan birinchi o‘rinda qayd etilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 0,52 ball bilan ikkinchi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 0,37 ball bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

 

TOP–1000 universitetlar toifasidagi infografikada esa “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy nashrlar faolligi ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi. Ularning nashrlari soni mos ravishda 1 017 ta, 966 ta va 788 tani tashkil etgan.

 

Nashrlar soni va ilmiy sifat bir xil tushuncha emas

 

Scopus tahlilining muhim jihati shundaki, unda faqat maqolalar soni emas, balki ular chop etilgan jurnallarning kvartillari ham hisobga olingan.

 

Q1 kvartilidagi jurnallar tegishli fan yo‘nalishida yuqori ko‘rsatkichlarga ega jurnallarning 25 foizini, Q2 esa keyingi yuqori segmentni ifodalaydi. Q3 va Q4 kvartillari esa nisbatan pastroq ko‘rsatkichli jurnallar guruhidir.

 

Infografikalarda ayrim oliygohlarning Q1 va Q2 toifasidagi jurnallarda chop etilgan nashrlari ulushi yuqori ekani ko‘rinadi. Masalan, Toshkent amaliy fanlar universitetida bu ko‘rsatkich 85 foiz, Tashkent International University of Education’da 87 foiz, “Yangi O‘zbekiston” universitetida esa 94 foiz sifatida ko‘rsatilgan.

 

Kvartil (Q1, Q2, Q3, Q4) — ilmiy jurnallarni muayyan fan yo‘nalishidagi reyting o‘rniga qarab to‘rt guruhga ajratish tizimi. Q1 eng yuqori 25 foizlik guruhni, Q2 keyingi 25 foizlik guruhni, Q3 undan keyingi 25 foizlik guruhni, Q4 esa quyi 25 foizlik guruhni anglatadi. Jurnalning kvartili tegishli ma’lumotlar bazasi, fan yo‘nalishi va reyting metodologiyasiga qarab belgilanadi.

 

Har 100 nafar professor-o‘qituvchiga qancha ilmiy nashr to‘g‘ri keladi?

 

Ilmiy faoliyatni xolisroq baholash uchun nashrlar sonini professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan solishtirish muhim. Chunki professor-o‘qituvchilari ko‘p bo‘lgan oliygohning umumiy nashrlar soni ham tabiiy ravishda yuqori bo‘lishi mumkin.

 

Agentlik tahliliga ko‘ra, 2025-yilda har 100 nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan ilmiy nashrlar soni quyidagicha bo‘lgan:

 

  • TOP–1000 universitetlarida — 71,4 ta;
  • ijtimoiy-gumanitar oliygohlarda — 37,5 ta;
  • amaliy oliygohlarda — 33,2 ta;
  • tibbiyot oliygohlarida — 20,5 ta;
  • ijod va sport oliygohlarida — 1,3 ta.

 

Scopus ma’lumotlari asosidagi tahlil O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarining ilmiy faolligi va xalqaro ilmiy maydondagi ishtirokini baholash uchun muhim asos yaratadi.