Ta’lim va ilm-fan vazirligi Erkinjon Turdimov nomidan Telegram orqali fuqarolarga soxta xabarlar yuborilayotgani haqida ogohlantirdi. Vazirlik ushbu xabarlar haqiqatga mos emasligini bildirgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov nomidan fuqarolarga soxta xabarlar yuborilayotgani aniqlandi. Bu haqida vazirlik kanalida ma’lum qilindi.
Xususan, Telegram orqali vazirlikda olimlar faoliyati yuzasidan ichki tekshiruv o‘tkazilayotgani, shu munosabat bilan fuqarolar bilan Davlat xavfsizlik xizmati mayori bog‘lanishi haqida asossiz xabarlar tarqatilmoqda.
Vazirlik Erkinjon Turdimov nomidan yuborilayotgan mazkur xabarlar haqiqiy emasligini bildirdi.
Fuqarolardan bu kabi shubhali xabarlarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishlarini va quyidagilarga amal qilish so‘raldi:
- Noma’lum akkauntlardan kelgan xabarlarga ishonib, shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etmang;
- Pasport ma’lumotlari, SMS-kodlar va boshqa maxfiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermang;
- Shubhali xabarlarni boshqalarga tarqatmang;
- Vazirlik faoliyatiga oid ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali tekshiring.
Kecha vazir Turdimovning sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi binolarida uchrashuvlar o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
