Fransiyaning Oban shahridagi maktabda o‘quvchi direktor va o‘qituvchiga qarata o‘q uzdi. Hodisa yuzasidan 14 yoshli o‘quvchi hibsga olingan.
Fransiyaning janubidagi Oban shahrida joylashgan Lakanal o‘rta maktabida dushanba kuni ertalab otishma sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida maktab direktori va bir nafar o‘qituvchi jarohatlangan. Shahar meri Jan-Pyer Skvilyari ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi bo‘lgan 9-sinf o‘quvchisi voqeadan so‘ng darhol qo‘lga olingan. Fransiya ommaviy axborot vositalari uning 14 yoshda ekanini xabar qilgan.
Maktab o‘quvchilaridan hech biri jabrlanmagan. Jarohatlangan ikki nafar xodimga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, ularning hayoti xavf ostida emas.
Fransiya ta’lim vaziri Eduard Geffrey ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida hodisaga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Milliy ta’lim tizimining ikki xodimi — maktab direktori va o‘qituvchi o‘qotar quroldan jarohat olgan. Vazirning qayd etishicha, otishmani o‘quvchilardan biri sodir etgan bo‘lishi mumkin.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘quvchi maktabga qurol bilan kirgan va ko‘p o‘tmay bir necha marta o‘q ovozi eshitilgan. Shundan so‘ng maktab xodimlaridan biri gumonlanuvchini ushlab qolgan.
BFM TV telekanali va “Le Parisian” nashri tergovga yaqin manbalarga tayanib xabar berishicha, hodisa maktablardagi sharoitlar yuzasidan davom etayotgan norozilik namoyishlari bilan bog‘liq deb hisoblanmayapti.
Ta’lim vaziri Eduard Geffrey va ichki ishlar vaziri Loran Nyune dushanba kuni tushdan keyin Marsel shahri yaqinida joylashgan hodisa joyiga borishi kutilmoqda. Ayni paytda voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Polshadagi kasb-hunar maktabida sodir bo‘lgan pichoqli hujum oqibatida 9 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan edik.
