Xorijiy universitetlar filiallari va nodavlat universitetlarda tahsil olayotgan talabalar uchun maqsadli davlat grantlari tanloviga arizalar qabul qilish boshlandi. Ro‘yxatdan o‘tish 17-oktyabrga qadar davom etadi.
Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq, respublikamizda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga ajratilgan maqsadli davlat grantlari uchun tanlovda ishtirok etish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi.
Arizalar 10-oktabrdan 17-oktabrgacha (shu kuni ham) my.uzbmb.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Tanlovda kimlar ishtirok etishi mumkin?
Tanlovda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining O‘zbekistondagi filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarining kunduzgi ta’lim shakliga qabul qilingan, davlat granti kvotalari ajratilgan ta’lim sohalarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov qanday o‘tkaziladi?
Talabalar tegishli ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan fanlar majmuasi bo‘yicha saralash imtihonlarida ishtirok etadi. Test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.
Joriy yilda davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida mos fanlar majmuasi bo‘yicha ishtirok etgan talabalar o‘zlari to‘plagan ballari bilan ham tanlovda qatnashishi mumkin. Davlat grantlari belgilangan minimal o‘tish balini to‘plagan talabalar orasidan ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda, ajratilgan kvotalar doirasida taqsimlanadi.
Muhim! Tanlov natijasida davlat grantiga tavsiya etilgan talabalarga grant butun o‘qish davri uchun ajratiladi. Bunda grant olgan talabalar o‘qishni tamomlagach, belgilangan tartibda davlat yoki davlat ulushi mavjud tashkilotlarda kamida 3 yil ishlab berish majburiyatini oladi.
Tanlovda ishtirok etish istagidagi talabalar 17-oktyabrga qadar my.uzbmb.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishlari mumkin.
