AQSHning Detroyt shahrida maktab oʻquvchilarini darslarga aʼlo darajada qatnashgani uchun yoʻlga qoʻyilgan moddiy ragʻbatlantirish dasturi davom ettiriladi. Bu haqda “Chalkbeat Detroit” nashri xabar bergan.
Qayd etilishicha, yuqori sinf oʻquvchilari hafta davomida har kuni darslarga qatnashsa, ularga 100 dollarlik elektron VISA karta beriladi. Shundan kelib chiqib, bir oy darslarga faol qatnashgan oʻquvchilar 400 dollargacha ishlab topishi mumkin. Qishki 10 haftaning barchasida toʻliq darslarga qatnashgan oʻquvchi jami 1 ming dollargacha mukofot olishi mumkin.
Ushbu dastur avvalgi oʻquv yillarida ancha sezilardi darajada foyda bergan. Masalan, 2026-yilning yanvar oyidan mart oyigacha yuqori sinf oʻquvchilarining dars qoldirish darajasi 64 foizdan 54 foizgacha kamaygan va bu davr mobaynida 12 ming 800 ga yaqin yuqori sinf oʻquvchilari pul mukofotini olgan.
2026-2027 oʻquv yilida ushbu dastur 6–8-sinf oʻquvchilari uchun ham tatbiq etiladi. Ularga qoldirilmagan har bir hafta uchun 50 dollardan toʻlanishi belgilangan.
Maktab okrugi 1 milliard 100 million dollarlik umumiy byudjetdan ushbu dastur uchun jami 13 million 900 ming dollar ajratgan.
Dastur asosan yanvar mart oylarida amalga oshiriladi. Chunki qishki ob-havo va mavsumiy kasalliklar sabab bu davrda maktablardagi davomat odatda pasayadi.
