Milliy sertifikat bilan oʻqishga kirgan talabalarning qariyb 60 foizi aʼlo baholarga oʻqiyotgani aytildi

Milliy sertifikat bilan oʻqishga kirgan talabalarning qariyb 60 foizi aʼlo baholarga oʻqiyotgani aytildi

Milliy sertifikat olib oʻqishga kirayotgan talabalarning qariyb 60 foizi aʼlo baholarga oʻqimoqda. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sardor Rajabov maʼlum qildi.

 

Joriy yilda milliy sertifikat orqali maksimal ball olgan abituriyentlar hisobiga kirish imtihonlarida ballar avvalgi yillarga nisbatan ancha baland boʻldi va bu jamoatchilik muhokamasiga ham sababchi boʻldi.

 

18-avgust kuni vazirlikda 2026/27-oʻquv yili uchun OTMlarga qabulning yakuniy natijalariga bagʻishlangan matbuot anjumanida Sardor Rajabov sertifikat va imtiyozlar asosida qabul tizimi yuzasidan ham maʼlumot berib oʻtdi. Unga koʻra, milliy sertifikat tizimi odatiy test tizimiga nisbatan murakkabroq.

 

Vazirlik oʻqishga qabul qilingan talabalarning oliy taʼlimdagi oʻqishi boʻyicha ham tahlil oʻtkazgan. Tahlil natijasiga koʻra, milliy sertifikat bilan maksimal ball olib oʻqishga kirgan talabalarning qariyb 60 foizi aʼlo, 40 foizi esa yaxshi baholarga oʻqimoqda. Vazir oʻrinbosari bunday talabalar orasida oʻqishdan chetlashtirilganlar soni juda kamligini qayd etdi.

 

Shuningdek, turli imtiyozlar bilan OTMga kirgan talabalarning oʻzlashtirishi ham tahlil qilingan. Maʼlumotlarga koʻra, imtiyoz bilan qabul qilinganlar orasida eng yuqori natijalarni xotin-qizlar koʻrsatmoqda.

 

Vazirlik sertifikat va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarning oʻqishdagi natijalarini tahlil qilishni davom ettirishini maʼlum qildi.

 

Shuningdek, Sardor Rajabov milliy sertifikat bilan oliy taʼlim tashkilotlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni yil sayin oshib borayotgani sababli ularga maksimal ball berish mexanizmi qayta koʻrib chiqilayotganini ham aytib oʻtdi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish