Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 14–30 yoshdagi a’zolari uchun to‘lov-kontrakt summasining bir qismi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplab berilishi mumkin. Bunda kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Hukumatning 2022-yil 7-iyundagi 312-son qaroriga ko‘ra, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 14–30 yoshdagi a’zolariga kasbiy va oliy ta’limda o‘qish uchun to‘lov-kontrakt summasining bir qismini qoplab berish tartibi belgilangan.
Unga ko‘ra, mazkur yordamdan kasbiy ta’lim tashkilotlarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotganlar foydalanishi mumkin.
Shuningdek, davlat va nodavlat OTMlar, O‘zbekistondagi xorijiy OTMlar va ularning filiallarida bakalavriat hamda magistraturaning kunduzgi ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlar ham ushbu yordam uchun murojaat qilishi mumkin.
Bunda ariza beruvchi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilaning 14–30 yoshdagi,ya’ni 14 yoshga kirgan va 31 yoshga to‘lmagan a’zosi bo‘lishi kerak.
Kontrakt to‘lovining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdori qoplab berilishi mumkin. Buning uchun ariza belgilangan tartibda topshiriladi. Murojaat “Mahalla yettiligi” tomonidan ko‘rib chiqiladi va subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Subsidiya ajratilishi uchun talaba bilan ijtimoiy shartnoma tuziladi. Unga ko‘ra, yordam oluvchi quyidagi majburiyatlarni bajarishi kerak:
— yordam ajratilgan davrdagi o‘quv semestrida o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 4 baho bo‘lishi;
— volontyorlik loyihalarida ishtirok etish;
— 6 oy davomida “Mutolaa” loyihasi doirasida har oyda kamida bitta kitob o‘qish;
— 6 oy davomida “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida xorijiy tillarni o‘rganib, kamida B1 darajaga erishish.
Shu bilan birga, mazkur yordam ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik, masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotganlarga tatbiq etilmaydi.
Ariza berish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoxud Yoshlar yagona elektron platformasi orqali murojaat qiladi.
