Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijalari qachon e’lon qilinadi? Agentlik natijalar kechikishiga izoh berdi

Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijalari qachon e’lon qilinadi? Agentlik natijalar kechikishiga izoh berdi

Tahririyatimizga ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijalari qachon e’lon qilinishi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Agentlik Call-markazi natijalar 25-iyul atrofida e’lon qilinishi ma’lum qilindi.

 

Xabaringiz bor, 27-28-29-iyun kunlari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari bir necha smenada o‘tkazilgan edi.

 

Mazkur imtihonlarda 5-, 6-, 7-, 9- va 10-sinflar uchun aniq hamda tabiiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha talabgorlar ishtirok etishgan.

 

Ayni damda tahririyatimizga ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijalari qachon e’lon qilinishi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijalari imtihon o‘tkazilgan kundan keyin 20 kun ichida e’lon qilinishi belgilangan. Shunga ko‘ra, 29-iyun kuni o‘tkazilgan imtihonlarning natijalari 19-iyulgacha (shu kuni ham) e’lon qilinishi lozim edi. Biroq hozirga qadar natijalar e’lon qilinmagan.

 

Tahririyatimiz natijalar e’lon qilinishi muddatiga aniqlik kiritish maqsadida Agentlikning 1206 ishonch raqami bilan bog‘landi.

 

Agentlik xodimining Talimxabarlari.uz ga ma’lum qilishicha, bu yil talabgorlar soni sezilarli oshgani sababli javoblarni tekshirish jarayoni biroz cho‘zilgan. Shu bois, 27-28-29-iyun kunlari o‘tkazilgan barcha kirish imtihonlari natijalari tekshiruvlar to‘liq yakunlangach, 25-iyul atrofida bir vaqtda e’lon qilinadi.

 

Ma’lumot uchun, 2026/2027-o‘quv yili uchun Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga 217 407 ta ariza kelib tushgan. O‘tgan 2025/2026-o‘quv yilida esa ushbu ko‘rsatkich 137 870 tani tashkil etgan edi.

 

2025/2026 va 2026/2027-o‘quv yillarida ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjatlar soni (viloyatlar kesimida)
Hudud 2025/2026 2026/2027 Farq
Qoraqalpog‘iston Respublikasi 10 100 13 793 +3 693
Andijon 14 312 18 875 +4 563
Buxoro 6 353 11 132 +4 779
Jizzax 8 478 14 782 +6 304
Qashqadaryo 10 773 17 110 +6 337
Namangan 12 787 19 272 +6 485
Navoiy 2 935 4 992 +2 057
Samarqand 14 641 20 344 +5 703
Surxondaryo 10 546 16 047 +5 501
Sirdaryo 5 545 10 596 +5 051
Toshkent viloyati 7 158 15 397 +8 239
Farg‘ona 18 802 31 618 +12 816
Xorazm 12 373 13 930 +1 557
Toshkent shahri 3 067 9 519 +6 452
Jami 137 870 217 407 +79 537

 

Izoh: Jadval Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan e’lon qilingan statistika asosida shakllantirilgan.

 

Taqqoslash uchun, bir yil ichida ixtisoslashtirilgan maktablarga topshirilgan arizalar soni 79 537 taga yoki qariyb 58 foizga oshgan. Aynan talabgorlar sonining keskin ko‘paygani natijalarni tekshirish jarayonining biroz cho‘zilishiga sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

 

Natijalar e’lon qilingach, natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlar amaldagi tartibga muvofiq 3 ish kuni davomida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.