O‘zbekistonlik ikki olimning nomi asteroidlarga berildi

O‘zbekistonlik ikki olimning nomi asteroidlarga berildi

Xalqaro astronomiya jamiyati O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi — Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomini kichik sayyoralarga berdi. Ularning nomlari endilikda xalqaro astronomik kataloglarda rasman qo‘llaniladi.

 

Xalqaro astronomiya jamiyatining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) 2026-yil 9-iyul kuni e’lon qilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi — Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomi ikki asteroidga berilgan.

 

Yangi nomlar WGSBN byulletenining 6-jild, 11-sonida e’lon qilingan. Endilikda xalqaro astronomik kataloglarda mazkur osmon jismlari (131358) Kamolergashev va (121339) Otabekburkhonov nomlari bilan qayd etiladi.

 

Ma’lum qilinishicha, dastlab 2001 KA2 belgisi bilan ro‘yxatga olingan asteroid 2001-yil 19-may kuni Chexiyadagi Ondřejov observatoriyasida kashf etilgan. Unga Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev sharafiga ‘‘Kamolergashev’’ nomi berilgan.

O‘zbekistonlik ikki olimning nomi asteroidlarga berildi

Rasmiy izohda Kamoliddin Ergashev 2007-yildan buyon asteroidlarni tadqiq etish bilan shug‘ullanayotgani, uning ilmiy ishlari asteroidlarning fizik xususiyatlari, fotometriyasi hamda qo‘shaloq asteroid tizimlarini o‘rganishga bag‘ishlangani qayd etilgan.

 

Shuningdek, dastlab 1999 TO15 belgisi bilan ro‘yxatga olingan yana bir asteroidga Astronomiya instituti laboratoriya mudiri Otabek Burxonov sharafiga ‘‘Otabekburkhonov’’ nomi berilgan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Otabek Burxonov 2000-yildan buyon Astronomiya institutida faoliyat yuritadi. Uning ilmiy tadqiqotlari asteroidlar fotometriyasi, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar hamda gamma-chaqnashlarning optik kuzatuvlariga bag‘ishlangan.

O‘zbekistonlik ikki olimning nomi asteroidlarga berildi

Fanlar akademiyasining ta’kidlashicha, tasdiqlangan nomlar bundan buyon xalqaro astronomik kataloglar, ilmiy maqolalar va boshqa rasmiy manbalarda qo‘llaniladi.

 

Ma’lumot uchun, Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov NASAning sayyoraviy mudofaa tajribasi doirasidagi ishlardagi hissasi uchun NASA Group Achievement Award mukofoti bilan ham taqdirlangan.