Surxondaryo va Farg‘onada voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlandi

Surxondaryo va Farg‘onada voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida voyaga yetmaganlarga noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlangan.

 

DXX ma’lumotiga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan fuqaro hech qanday maxsus diniy ma’lumotga hamda tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan holda joriy yilning iyun oyidan buyon o‘z xonadonida 2011–2019-yillarda tug‘ilgan 22 nafar voyaga yetmaganga diniy saboq berib kelgan.

 

Aniqlanishicha, Denov va Oltinsoy tumanlaridan kelgan bolalarning ushbu xonadonda yashab, ta’lim olishi uchun oyiga 500 ming so‘mdan 100 AQSH dollarigacha to‘lov undirilgan. Shuningdek, bolalar sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan sharoitda saqlangani qayd etilgan.

 

Yana bir holat Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida aniqlangan. 1971-yilda tug‘ilgan ayol Bag‘dod va Yozyovon tumanlaridan kelgan, 2011–2017-yillarda tug‘ilgan 5 nafar voyaga yetmaganga hech qanday ruxsatnomasiz diniy ta’lim bergani ma’lum bo‘lgan. O‘qitish jarayonida foydalanilgan adabiyotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan har ikki fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Shuningdek, voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga muvofiq ma’muriy choralar ko‘rilgan hamda profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.