Davlat bogʻchalarida elektron davomat qanday yuritiladi?

Davlat bogʻchalarida elektron davomat qanday yuritiladi?

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomatini yuritish tartibi tasdiqlandi. Endilikda davomat, ish vaqti tabeli hamda ayrim hisob-kitoblar “Bolalar bogʻchasi” axborot tizimi orqali yuritiladi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tegishli buyrugʻi bilan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda “Ilk rivojlanish markazlari”da “Bolalar bogʻchasi” axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomatini yuritish tartibi tasdiqlandi.

 

Hujjatda 2026-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining barcha davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va “Ilk rivojlanish markazlari”da mazkur tizim orqali elektron davomat yuritish tartibi joriy etilishi belgilangan.

 

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining ishga kelishi mobil ilova orqali biometrik identifikatsiya asosida qayd etiladi.

 

Elektron davomat maʼlumotlari asosida ularning ish vaqti tabeli avtomatik shakllantiriladi.

 

Tarbiyalanuvchilarning davomatini esa tarbiyachilar har ish kuni soat 07:00 dan 09:00 gacha mobil ilova orqali qayd etadi. Elektron tizimda qayd etilgan maʼlumotlar bolaning bogʻchaga kelganini tasdiqlovchi asosiy maʼlumot hisoblanadi.

 

Shuningdek, elektron davomat maʼlumotlari kunlik oziq-ovqat xarajatlarini hisoblash, ota-onalar badal toʻlovlarini shakllantirish, imtiyozlarni qoʻllash hamda qonunchilikda belgilangan boshqa hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun yagona asos boʻladi.

 

Hujjatga koʻra, “Bolalar bogʻchasi” axborot tizimida guruhlar, tarbiyalanuvchilar hamda bino va inshootlarga oid maʼlumotlar ham elektron shaklda yuritiladi.

 

Bunda tizimda guruhlar soni, tarbiyalanuvchilar tarkibi, inklyuziv taʼlim guruhlari, taʼlim tili, guruhlarning ish vaqti, shuningdek ota-onalar toʻlovidan ozod etilgan hamda imtiyozli tarbiyalanuvchilar haqidagi maʼlumotlar avtomatik shakllantiriladi.

 

Tizimga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori javobgar hisoblanadi. Mazkur maʼlumotlar hududiy maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari tomonidan koʻrib chiqilib, tasdiqlanadi.