Endi bolaga zo‘ravonlik qilgan pedagoglar bir yil maktabgacha ta’limda ishlay olmaydi

Endi bolaga zo‘ravonlik qilgan pedagoglar bir yil maktabgacha ta’limda ishlay olmaydi

Senat taʼlim muassasalarida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zoʻravonlik sodir etgan pedagoglarga nisbatan yangi cheklovni nazarda tutuvchi qonunni maʼqulladi. Endilikda bunday huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullana olmaydi.

 

Senatning 17-yalpi majlisida “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi.

 

Qonunga koʻra, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga taʼlim tashkilotlarida tarbiya va taʼlim jarayonida voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik sodir etganlik, shuningdek ularni tahqirlaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilovchi normalar kiritilmoqda.

 

Shuningdek, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlikka oid huquqbuzarlik sodir etgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullana olmaydi.

 

Qonun bilan yana bir qator normalar ham joriy etilmoqda. Jumladan, davlat yoki nodavlat muassasasining toʻliq taʼminotida boʻlgan bola uchun ota yoki onani aliment toʻlashdan ozod qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Bundan tashqari, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga tarbiyaga berishda faqat ularning qarindoshlariga berilishi qoidasi joriy etilmoqda.

 

Senatorlar ushbu qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek taʼlim muassasalarida ularning qadr-qimmati va daxlsizligini taʼminlash boʻyicha huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga xizmat qilishini taʼkidlagan.