Ertaga, 10-iyuldan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga hujjat topshirish jarayoni boshlanadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish uchun to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
Arizalar 10-iyuldan 10-avgust kuniga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn shaklda qabul qilinadi.
Hujjat topshirishda quyidagilar talab etiladi:
- pasport va JShShIR ma’lumotlarini kiritish;
- diplom va uning ilovasining elektron nusxasini yuklash;
- o‘qish istagini bildirgan oliy ta’lim tashkiloti hamda ta’lim yo‘nalishini tanlaydi.
Qabul parametrlari va kvotalar qanday belgilanadi?
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari har bir oliy ta’lim tashkilotining ilmiy-pedagogik salohiyati hamda moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda, oliy ta’lim tashkilotining Kengashi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Ma’lumot uchun, ikkinchi oliy ta’lim bo‘yicha o‘qitish to‘liq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 606-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.
