Buxoroda hindistonlik talaba kursdoshining o‘limida gumonlanib qo‘lga olindi

Buxoroda hindistonlik talaba kursdoshining o‘limida gumonlanib qo‘lga olindi

Buxoroda tahsil olayotgan Hindiston fuqarosi boʻlgan tibbiyot talabasi vafot etdi. Hodisa yuzasidan uning kursdoshi boʻlgan yana bir hindistonlik talaba gumonlanuvchi sifatida qoʻlga olingan.

 

Hindistonning Onmanorama nashri xabariga koʻra, marhuma Kerala shtatining Alappuja tumanida tugʻilgan 22 yoshli tibbiyot talabasi boʻlgan. Hodisada gumonlanayotgan shaxs esa Kerala shtatining Malappuram tumanidan boʻlgan uning 23 yoshli kursdoshi ekani aytilmoqda.

 

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa bir necha kun avval ikki talaba oʻrtasida yuzaga kelgan janjal vaqtida sodir boʻlgan. Gumonlanuvchi kursdoshining boshiga noutbuk bilan zarba bergani oqibatida jabrlanuvchi ogʻir tan jarohati olgan.

 

Talaba shifoxonaga yotqizilgan boʻlsa-da, shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramay, ichki qon ketishi oqibatida vafot etgan.

 

Nashr maʼlumotiga koʻra, gumonlanuvchi hodisa sodir boʻlgan kunning oʻzida Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qoʻlga olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Shuningdek, marhumaning jasadi Hindistonga yuborilgani va yaqin kunlarda tugʻilib oʻsgan hududida dafn etilishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilingan.