Akademik litseylarga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari 10-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Bugunga qadar jami 42 mingdan ortiq ariza yuborilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi statistikasidan kelib chiqib 6-iyul soat 09:20 holatiga ko‘ra, akademik litseylarga jami 42 742 ta ariza kelib tushgan.
Murojaat qilganlarning 22 558 nafari (52,8 foiz) qizlar, 20 184 nafari (47,2 foiz) esa o‘g‘il bolalarni tashkil etmoqda.
Ayni paytda qabul 69 ta akademik litsey, 18 ta ta’lim yo‘nalishi hamda 14 898 ta qabul kvotasi bo‘yicha davom etmoqda.
Hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Poytaxtdan 8 615 ta ariza topshirilgan. Keyingi o‘rinlarni Qashqadaryo (4 308 ta), Toshkent viloyati (4 163 ta), Farg‘ona (3 537 ta), Samarqand (3 400 ta) va Andijon (3 350 ta) egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, akademik litseylarga hujjatlar my.edu.uz platformasi orqali 10-iyulga qadar (shu kuni ham) onlayn tarzda qabul qilinadi. Shu muddat davomida abituriyentlar arizalaridagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda hujjatlarini tahrirlash imkoniyatiga ega.
