Farzandingizni kaltaklagan bolani kaltaklashingiz muammoni yechadimi? Psixolog tavsiyalari

Farzandingizni kaltaklagan bolani kaltaklashingiz muammoni yechadimi? Psixolog tavsiyalari

Avvalroq, Sirdaryoda ayol farzandini urgan bolani kalataklagani aks video tarqalgandi. Ushbu holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo’ldi. Xo’sh, zo’ravon bolani ham kaltaklash muammoning yechimimi? Bunday holatda bolada qanday ruhiy o’zgarishlar bo’lishi mumkin?

 

«Farzandingiz ko’chada kaltak yeb keldi. Muammo nimada?

 

Bizning eng avvalo fokusimiz farzandimizda bo’lishi kerak. Bizga muhim narsalar quyidagilar:

 

– uning hozirgi ruhiy holati,

– odamlar bilan kelishish qobiliyati,

– ko’chadagi obro’si va havfsizligi.

 

Aynan shu narsalarga e’tibor berib nimalarda muammo bor va siz ularni qanday hal qila olishingizga e’tiboringizni qaratishingiz kerak.

 

Bolaning ruhiy holati borasida nima bo’lishi mumkin?

 

Sizning farzandingizga zo’ravonlik qilingan yoki shunchaki oddiy tortishuvda farzandingiz o’zini himoya qilishga kuchi yetmay qolgan bo’lishi mumkin. Ikki holatda ham bola siz uning tarafida ekaningizni his qilishi kerak.

 

Zo’ravonga zulmi noto’g’ri ekanini tan oldirib, afsuslantirish kerak. Lekin bu tarbiyaviy ishni siz emas, balki tarbiya uchun mas’ul shaxslar (ota-ona, ustoz) qilishi kerak. Bolaga nisbatan zo’ravonlik bo’lishi bolalarda dunyoga, odamlarga ishonchni o’ldirib qo’yishi, ularni «yopilib» olishiga olib kelishi mumkin.

 

Farzandingiz boshqalar bilan kelisha oladimi?

 

Bolalar o’rtasidagi janjallarnig eng asosiy sababi bolalar o’yin vaqtida hamma rozi bo’ladigan kelishuvga kelishni bilishmaydi. Bu o’rgatilishi kerak bo’lgan qobiliyat. Afsuski, norozi bo’lganida mushtumzo’rlik qiladigan, baqiroq onalar buni bolalariga o’rgatishi qiyin, chunki ularning o’zlari ham buni bilishmaydi.

 

Aynan shu narsani o’rgatmasangiz farzandingiz ko’chada hali ko’p janjallashadi. Qayerdadir kaltak yeydi, qayerdadir boshqalarni uradi. Bu chegaralarni bilish masalasi.

 

Farzandingizning ko’chadagi obro’si

 

Farzandingizni kaltaklagan bolani ayovsiz kaltakladingiz, buni bolangizning ko’chadagi obro’sini ko’tarish, uni himoya qilish uchun qildingiz. Lekin afsuski bu jahdingiz farzandingizga hech hurmat olib kelmaydi. Endi dilbandingiz bilan bolalar yaqinlashishni xohlamaydi, boshqa bolalarning onalari ham farzandlariga sizning farzandingiz bilan o’ynamaslikni tayinlaydi.

 

Farzandingiz bolalar bilan sog’lom munosabat qurishni o’rgana olmaydi. Har safar janjal chiqqanida «himoyachisi»ga murojaat qilishi yoki umuman hamasini sizdan yashirishni boshlashi ham mumkin.

 

Agar farzandingizni kaltaklagan bolada ruhiy yoki psixologik muamo bor deb o’ylasangiz bolani bu muhitdan himoya qilishingiz kerak», – deb ushbu vaziyatga nisbatan fikr bildirdi psixolog Rozaliya Gabdulhakova.