31 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli yo‘nalishlardagi loyihalari uchun 100 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi. Bu bo‘yicha Prezidentning 210-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 2026-yil 1-iyunda “Tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 210-son qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, AT “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 31 yoshga toʻlmaganlarga asosiy qarzdan 1 yilgacha, foiz toʻlovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.
Sugʻurta polisi taʼminoti yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida 100 mln soʻmgacha imtiyozli mikroqarzlarni quyidagi loyihalar boʻyicha ajratish:
- yoshlarning xorijiy til va raqamli texnologiyalarni oʻrganishi hamda zamonaviy kasb-hunarni egallashi boʻyicha oʻqish xarajatlarini moliyalashtirish uchun – 20 mln soʻmgacha;
- zamonaviy kasblar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet (onlayn) doʻkonlar tashkil etish va oʻzini oʻzi band qilish faoliyat turiga mos loyihalar uchun – 50 mln soʻmgacha;
- kasanachilik, toʻqimachilik mahsulotlarini tayyorlash, tikuvchilik va boshqa mahsulotlarni ikkilamchi qayta ishlash va (yoki) sotish, ulardan yangi mahsulotlar tayyorlash loyihalari uchun – 50 mln soʻmgacha;
- novvoychilik va shirinliklar tayyorlash hamda sotish loyihalarga – 100 mln soʻmgacha.
Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda endi nodavlat bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlarga ijara va soliqda yengilliklar hamda subsidiya va imtiyozli kredit berilishi ko‘zda tutilgani haqida xabar berilgandi.
