Shoir va yozuvchilarga yiliga kamida 50 ta ijodiy buyurtma beriladi hamda o‘zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinadi. Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarning qog‘oz xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, ijodkorlar uchun ipoteka krediti hamda uy-joy ijarasi bo‘yicha yengillik beriladi.
Xabaringiz bor, 1-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlari bilan sohani rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda adabiyot sohasi vakillari uchun munosib ijodiy muhit yaratish, sharoitlarni yaxshilash va ularni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar taqdim etilishi belgilandi.
Unga ko‘ra, shoir va yozuvchilarga yiliga kamida 50 ta eng sara asar uchun ijodiy buyurtma berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har yili o‘zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinib, mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarning qog‘oz xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, yosh iste’dodlarning she’riyat va san’at uyg‘unligidagi ijodiy loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi. Ushbu yo‘nalishda taqdim etiladigan eng sara 100 ta loyiha davlat hisobidan moliyalashtiriladi.
O‘n kun avval Milliy kitobxonlik harakatiga start berilgan edi. Ushbu tashabbus doirasida yoshlarni keng jalb etish maqsadida hududlarda kitob do‘konlari, kutubxonalar va “book-kafe”lar tarmog‘i kengaytiriladi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha chekka va olis hududlardagi 50–100 tadan mahallada namunali kutubxonalar va kitob do‘konlarini tashkil etish topshirildi.
Shuningdek, ijodkorlar uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham kengaytiriladi. Endilikda har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at vakillari, muzey xodimlari hamda rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, boshqa hududlardan kelib ishlayotgan soha vakillariga uy-joy ijarasi uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming so‘mgacha xarajatini qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.
Har yili faoliyatida yuqori natijaga erishgan 1 ming nafar ijodkor davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi, yana 2 ming nafariga tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga sanatoriylarda bepul dam olish yo‘llanmalari beriladi.
15-iyundan boshlab xalq artisti, xalq shoiri va xalq yozuvchisi kabi faxriy unvon egalari aeroport va vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
