Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriligi tomonidan vazir ustamasi tanlovining 2-bosqich – suhbatni oʻtkazish va baholash mezonlari tasdiqlandi.
Mazkur Nizom Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi hisobidan 2026-yilda har oylik ustama toʻlanadigan malakali pedagog kadrlarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladigan ikki bosqichli saralashning 2-bosqichi – nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash boʻyicha suhbatni tashkil etish, oʻtkazish, baholash va natijalarni rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
Nizomga koʻra, nomzodlar tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq, oʻzlariga belgilangan sana va vaqtda suhbat oʻtkaziladigan manzilga borishlari va suhbat jarayonida ishtirok etishlari shart.
Shuningdek, nomzodlarga suhbat oʻtkaziladigan hududga quyidagi buyumlarni olib kirish taqiqlanadi:
– mobil telefonlar, planshetlar, aqlli soatlar va boshqa elektron aloqa vositalari;
– yozma materiallar, konspektlar, kitoblar va boshqa axborot manbalari;
– audio yoki video yozib oluvchi qurilmalar;
– maʼlumot uzatuvchi har qanday texnik vositalar.
– nomzodlar yuqoridagi buyumlarni suhbat boshlanishidan oldin belgilangan tartibda topshirishlari yoki maxsus joyda qoldirishlari shart.
Nizomda belgilanishicha, suhbat jarayonida nomzodlar tasodifiy tanlangan 4 ta savol boʻyicha belgilangan baholash mezonlari asosida maksimal 20 ballik tizimda baholanadi.
Har bir nomzod bilan 12 daqiqa davomida suhbat boʻlib oʻtadi. Belgilangan vaqt doirasida nomzodga savollar berish, javoblarni eshitish va baholash jarayoni toʻliq yakunlanishi kerak. Texnik uzilishlar yoki komissiya tomonidan asoslantirilgan holatlarda qoʻshimcha vaqt berilishi mumkin, boshqa har qanday holatda suhbat vaqtining oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qayd etilishicha, baholash maxsus elektron platforma orqali amalga oshiriladi.
Nomzodlar balli teng boʻlgan taqdirda, gʻolib qay tartibda tanlanadi?
Agar kvota chegarasida oxirgi oʻrinlar boʻyicha nomzodlarning yakuniy ballari teng kelib qolsa, ustunlik quyidagi ketma-ketlikda belgilanadi:
– malaka sinovlarining (1-bosqich) natijasi yuqori boʻlgan nomzodga;
– malaka sinovlarining (2-bosqich) natijasi yuqori boʻlgan nomzodga;
– amaldagi malaka toifasi yuqori boʻlgan nomzodga;
– pedagogik ish staji koʻproq boʻlgan nomzodga.
Yuqoridagi barcha koʻrsatkichlar boʻyicha ballar teng boʻlib qolgan taqdirda tegishli nomzodlar bilan qoʻshimcha suhbat oʻtkaziladi.
Maʼlum sabablarga koʻra, nomzod belgilangan sanada imtihonda ishtirok etmasa, suhbat sanasi boshqa kunga koʻchiriladimi?
Ushbu nizomda belgilanishicha, suhbatda uzrsiz sabablarga koʻra ishtirok etmagan yoki mazkur Nizom talablarini buzganligi sababli suhbatdan chetlashtirilgan nomzodlar suhbatdan oʻtmagan deb hisoblanadi hamda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har oylik ustama olish uchun tavsiya etilmaydi.
Tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan taqdirda quyidagi holatlar uzrli sabablar deb eʼtirof etiladi:
– yaqin qarindoshining vafoti (ota-ona, aka-uka, opa-singil, farzandlar);
– xizmat safari yoki davlat/jamoat vazifalarini bajarish (rasmiy buyruq yoki maʼlumotnoma asosida);
– favqulodda holatlar yoki nomzod ixtiyoriga bogʻliq boʻlmagan boshqa vaziyatlar (vakolatli davlat organlari tomonidan tasdiqlangan).
Umumiy, noaniq yoki erkin shaklda berilgan maʼlumotnomalar uzrli sabab sifatida qabul qilinmaydi.
Eslatma! Uzrli sabablar bilan suhbatda ishtirok eta olmagan nomzodlar bu haqda suhbat kuni yakuniga qadar tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari shart. Mazkur holat Suhbat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi va asosli deb topilgan taqdirda nomzodga suhbat jarayonlari toʻliq yakunlangunga qadar masofaviy (onlayn) shaklda suhbat oʻtkazish imkoniyati beriladi.
Natijasidan norozi boʻlgan nomzodlarning apellyatsiya berish tartibi qanday?
Natijalaridan norozi boʻlgan nomzodlar natijalar eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 48 soat ichida pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabineti orqali murojaat qilishlari mumkin. Belgilangan muddat oʻtgandan keyin yuborilgan murojaatlar koʻrib chiqilmaydi.
Apellyatsiya jarayoni nomzod ishtirokisiz, faqat suhbat videoyozuvi, elektron baholash maʼlumotlari va komissiya bayonnomasi asosida koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Suhbat komissiyasi aʼzolari kiritilmaydi. Zaruratga koʻra apellyatsiya jarayoniga malakali ekspertlar jalb etilishi mumkin.




