Muhokamalar portaliga «Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Unga ko‘ra 2026-2027-o‘quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan hamda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari to‘lov-kontrakt summasi uchun 30 foiz miqdorida chegirma joriy etiladi.
Bunda davlat oliy tashkilotlarida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bitta talabani bazaviy to‘lov-kontrakt asosida bir yillik o‘qitish qiymati miqdori nazarda tutilgan. Oshirilgan hamda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt uchun bu imtiyoz amal qilmaydi.
Talabgorlar mustaqil ravishda o‘zlari ta’lim oladigan oliy ta’lim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt summasiga 30 foizlik chegirma qo‘llanilishi yuzasidan “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish axborot tizimi” (kontrakt.edu.uz) orqali ariza yuboradi. Chegirma tegishli o‘quv yili uchun bir marotaba qo’llaniladi.
Muhim ma’lumot! Pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorda chegirma berish bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘lar har yili markazlashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchisi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida ajratiladi.
