Chekka hududlardagi tarbiyachilar uchun dual ta’limda o‘qishda qo‘shimcha imkoniyat beriladi

Chekka hududlardagi tarbiyachilar uchun dual ta’limda o‘qishda qo‘shimcha imkoniyat beriladi

Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi (PF-19) Farmoniga asosan, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual ta’lim tizimi joriy etilishi belgilangan. Mazkur tizimga ko‘ra, pedagoglar bir kun pedagogika oliy ta’lim muassasasida, besh kun esa maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim oladi.

 

Bu bo‘yicha, Vazirlar mahkamasining ‘‘Maktabgacha taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajribalarga mos ravishda tegishli bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida’’ gi qaror loyihasi ishlab chiqilgan edi. 

 

Loyihaga ko‘ra, faqat Samarqand viloyatida ikkita, qolgan barcha hududlarda bittadan oliy ta’lim muassasasida dual taʼlim shaklida maktabgacha taʼlim yoʻnalishi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlanishi belgilangan. 

 

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Maktabgacha va maktab taʼlimi: natijalar va rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Talimxabarlari.uz ham ishtirok etdi.

 

Matbuot anjumanida vazir E’zoza Karimova olis va chekka hududlardagi tarbiyachilar uchun dual ta’limda o‘qish bo‘yicha yengillik berilayotgani haqida aytib o‘tdi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, endi olis hududlardagi tarbiyachilar dual ta’limda o‘qish uchun hududlardagi belgilangan OTMga kelishlari shart bo‘lmaydi. Ularga o‘z hudularidagi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish imkoniyati beriladi.

 

OTM o‘qituvchilari haftada bir kun olis hududlarga borib, o‘sha yerda tarbiyachilar uchun dual ta’lim darslarini o‘tib berishadi.

 

Olis hududlarga borib, pedagoglar bilan gaplashganimda, ular markazga borib o‘qish qiyinchilik tug‘dirishi haqida aytishdi. Shundan kelib chiqib, endi chekka hududlardagi tarbiyachilar o‘zlari faoliyat ko‘rsatadigan maktabgacha ta’lim muassasasi hududidagi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish imkoniga ega bo‘ladilar. Ular o‘qishga qabul qilinganidan keyin tegishli modullar asosida oliy ta’lim muassasasi ustozlari o‘sha olis hududga borib, haftada bir marta dars o‘tishlarini tashkil etib beramiz, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova.

 

Avvalroq, chekka hududlardagi oʻquv markazlar oʻqituvchilarining daromad soligʻi 1 foiz etib belgilanishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.