Natijasidan norozi jismoniy tarbiya oʻqituvchilari Administratsiya va Sport vazirligiga murojaat yoʻlladi

Natijasidan norozi jismoniy tarbiya oʻqituvchilari Administratsiya va Sport vazirligiga murojaat yoʻlladi

Milliy sertifikat imtihoni natijalaridan norozi bo‘lgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari baholash tizimidagi nomuvofiqliklar yuzasidan Prezident Administratsiyasi va Sport vazirligiga rasmiy murojaat yo‘lladi. Murojaat yuzasidan hozircha rasmiy munosabat berilmagan.

 

2026-yil 25–27-fevral hamda 3–4-mart kunlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihonlari natijalari e’lon qilingan edi.

 

Mazkur natijalardan so‘ng jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari norozilik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi, Sport vazirligi Bilimlarni baholash agentligi hamda boshqa tegishli tashkilotlarga rasmiy murojaat yo‘llagan.

 

Murojaatda imtihonlarni baholash tizimida ayrim nomuvofiqliklar mavjudligi qayd etilgan.

 

Xususan, nizomning qaror qismida maksimal ball 80 etib belgilangan bo‘lsa, uning ilovasida 60 ball ko‘rsatilgani, amalda esa sinovlar 60 ballik tizim asosida o‘tkazilgani ta’kidlangan.

 

Shuningdek, ushbu o‘qituvchilar nazariy va amaliy baholash mezonlari o‘rtasida tafovut bo‘lganini bildirgan. Ta’kidlanishicha, amaliy sinovlar belgilangan mezonlar asosida to‘liq hisoblanmagan bo‘lishi mumkin.

 

O‘qituvchilar murojaatnomada quyidagilarni talab qilishgan:

 

1. Qaror va ilova o‘rtasidagi (80 ball / 60 ball) xatolikni rasmiy ravishda tan olib, bartaraf etish;
2. Amaliy va nazariy natijalarni to‘g‘ri 80 ballik tizim asosida qayta hisoblash;
3. Har bir ishtirokchining:
– jismoniy tayyorgarlik (40 ball),
– sport turlari (40 ball)
bo‘yicha natijalarini tiklash;
4. Jismoniy tayyorgarlik uchun belgilangan qo‘shimcha 20 ballni har bir ishtirokchiga qo‘shish;
5. Shundan so‘ng:
– amaliy ballni to‘liq shakllantirib,
– nazariy (Rash asosida olingan) ball bilan qo‘shib,
– yakuniy o‘rtacha natijani qayta hisoblash;
6. Yakuniy natijalarni qayta e’lon qilish va rasmiy tushuntirish berish.

 

Hozircha ushbu murojaat yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan rasmiy munosabat bildirilmagan.

 

Oldinroq, kimyo fani o‘qituvchilari ham o‘tkazilgan malaka toifa sinovlari yuzasidan norozilik bildirishgan edi.