O‘zbekistonda oliy ta’limda talabalar eng ko‘p ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarni tanlamoqda. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi statistik ma’lumotlarida qayd etilgan.
Unga ko‘ra, so‘nggi uch yilda oliy ta’lim tizimida tahsil olayotgan talabalar soni 1,33 million nafardan 1,62 million nafargacha oshgan. Bu esa 290 ming nafarlik (+21,8%) o‘sishni ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, talabalar orasida ijtimoiy-gumanitar fanlar yetakchi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Ushbu sohaning ulushi 59 foizdan 63 foizgacha oshgan. Talabalar asosiy qismi aynan shu yo‘nalishda jamlangan.
Shu bilan birga, amaliy fanlar ulushi 31 foizdan 25 foizgacha kamaygani kuzatilgan. Bu texnik va muhandislik yo‘nalishlariga qiziqish nisbatan pasayayotganini ko‘rsatadi.
Biroq, tibbiyot yo‘nalishlarida barqaror o‘sish qayd etilib, ulushi 7 foizdan 9 foizgacha oshgan. Ijod va sport yo‘nalishlari esa o‘zgarishsiz qolib, 3 foiz darajasida saqlanmoqda.
Mavzuga doir: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining stat.edu.uz platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil mart holatida mamlakatda jami 207 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda 1 million 632 ming 980 nafar talaba tahsil olmoqda.

