15-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri sirtqi ta’lim shakli qonunchilikda saqlanib qolganini, ammo u faqat aniq ehtiyojdan kelib chiqib joriy etilishini ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, sirtqi taʼlim “umuman yopildi” degani emas, lekin hozircha unga talab va zarurat yuqori emas. Bunday taʼlim shakli, asosan, ishlab chiqarish korxonalarida muayyan mutaxassislar yetishmaganda ochilishi mumkin. Ilgari saqlanib qolgan ayrim yoʻnalishlar ham hozir yopilgan. Shu bilan birga, u kelgusida toʻrt-besh yildan keyin ehtiyoj paydo boʻlsa, sirtqi taʼlimni qayta tiklash mumkinligini taʼkidladi.
Vazir bugungi kunda sirtqi taʼlim oʻrnini masofaviy taʼlim bosib borayotganini aytib o’tdi. Uning taʼkidlashicha, endi ishlayotgan fuqarolar ish joyidan ajralmagan holda masofaviy shaklda tahsil olish imkoniyatiga ega. Shu bois, sirtqi taʼlimga qabul toʻxtagani ishlaydigan talabalar uchun oʻqish imkoniyati yoʻqolganini anglatmaydi.
Ma’lumot uchun, 2022-2023-oʻquv yilidan boshlab sirtqi taʼlim shakliga qabul cheklanib, davlat oliy taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlimni joriy etishga ustuvorlik berilgan.
