HEMIS axborot tizimining yana yangilangan versiyasi e’lon qilindi. Unga bir qator muhim yangiliklar va qulayliklar qo‘shilgan.
Ma’lum qilinishicha, tizimda bir qator muhim o‘zgarishlar va yangi qulayliklar amalga oshirilgan:
1. OTMlarning o‘quv jarayonida qatnashmaydigan xodimlari uchun tizimda alohida Yordamchi-texnik roli qo‘shildi;
2. Tizim “Yagona milliy mehnat tizimi” bilan bog‘landi. Endi yangi xodim qo‘shishda uning ma’lumotlari ushbu bazadan avtomatik tekshiriladi;
3. Bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari mavzularini tasdiqlash buyrug‘i funksiyasi ishlab chiqildi;
4. Talabalar va mas’ullar endi shartnomalar, to‘lovlar va qarzdorlik haqidagi ma’lumotlarni billing tizimi orqali real vaqt rejimida ko‘rishlari mumkin;
5. Tizim Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimi bilan integratsiya qilindi. Endi talabalarning kasallik sababli dars qoldirgani haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda tekshiriladi;
6. Talaba profilida hujjatlarni plagiatga tekshirish uchun yuklash hamda mas’ullar tomonidan ushbu jarayonni boshqarish imkoniyati yaratildi;
7. Tizimga dars qoldirish sabablarini tizimlashtiruvchi yangi bo‘lim qo‘shildi.
Shuningdek, kasallik varaqalari uchun qo‘shimcha ovvoragarchiliklar kamayadi, chunki tizimlar bir-biri bilan bog‘langan.
“Ijtimoiy faollik indeksi” moduli
Talabalarning nafaqat darsdagi o‘zlashtirishi, balki universitet hayotidagi ijtimoiy faolligi ham raqamli tizim orqali baholanadi.
Tizimdan foydalanish tartibi juda oddiy:
– my.hemis.uz platformasi yoki HEMIS mobil ilovasiga kiring;
– menyudan “Ijtimoiy faollik” bo‘limini tanlang;
– ariza yaratish tugmasini bosib, faoliyatingizni tasdiqlovchi hujjatlarni yuklang.
Ijtimoiy faollik indeksi uchun maksimal 20 ball beriladi. Talabaning faoliyati quyidagi 9 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ballik mezon asosida baholanadi:
Kitobxonlik madaniyati, “5 muhim tashabbus” doirasidagi ishtirok, volontyorlik ishlari, fan olimpiadalari va tanlovlar, teatr va muzeylarga tashriflar, sport va sog‘lom turmush tarzi, o‘quv darslariga to‘liq qatnashish, akademik tartib-intizomga rioya qilish, “Ma’rifat darslari” va boshqa tadbirlar.
Siz kiritgan ma’lumotlar universitet tyutori tomonidan ko’rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Davomat va o‘zlashtirish natijalari esa HEMIS tizimi orqali avtomatik tarzda shakllanadi.
HEMIS va DMED tizimlari o‘zaro integratsiya qilindi
Talabalarning dars qoldirishi bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtirilgan. HEMIS va DMED tizimlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi natijasida, talabalarning kasallik varaqalari (spravka) haqidagi ma’lumotlar avtomatik tekshiriladi.
Talaba kasalligi sababli dars qoldirganda, tizim ushbu ma’lumotni DMED bazasidan haqiqiyligini tekshiradi va shunga ko‘ra darsni sababli deb qayd etadi.
Dars qoldirishni sababliga o‘tkazishda endi quyidagi aniq mezonlardan foydalaniladi:
– Talabaning kasalligi sababli;
– Nogironlik tibbiy ko‘rigi;
– Talabaning nikoh to‘yi;
– Yaqin qarindoshining marosimi;
– Homiladorlik ta’tili;
– Tadbirlarda ishtiroki;
– Tabiiy ofat va baxtsiz hodisalar;
– Viza muddati tugaganligi (chet ellik talabalar) uchun;
– OTM tashabbusi (ichki buyruqlar).
Davomat/davomat statusi bo‘limi takomillashtirildi. Endi dars qoldirgan talabaning sababi hujjatli tasdiqlangan taqdirdagina tizimda o‘zgartiriladi.
Endi qalbaki “spravka”lar o‘tmaydi — barchasi elektron va shaffof nazorat qilinadi.
Avvalroq, HEMIS ning 2026-yil 10-apreldagi yangi versiyasi (v1.8.6) foydalanishga topshirilgani, unda ham bir nechta qulayliklar paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
