Turkiyaning Şanlıurfa viloyati Siverek tumanidagi Ahmet Koyuncu kasb-hunar va texnik litseyida otishma sodir boʻldi.
Maʼlum qilinishicha, hujumni amalga oshirgan 19 yoshli yigit ushbu litseyning sobiq oʻquvchisi boʻlgan. Otishmadan soʻng u oʻz joniga qasd qilgan.
Şanlıurfa viloyati hokimi Hasan Şıldakning maʼlum qilishicha, hodisa oqibatida jami 16 kishi jarohat olgan. Ularning 4 nafari oʻqituvchi, 10 nafari oʻquvchi, yana biri politsiya xodimi hamda biri maktab oshxonasi xodimi hisoblanadi.
Jarohatlanganlardan 4 nafari (2 oʻqituvchi va 2 oʻquvchi)ning ahvoli oʻrtacha ogʻir boʻlgani sabab viloyat markazidagi shifoxonalarga yuborilgan, qolgan 12 nafar jabrlanuvchi esa Siverek davlat shifoxonasida davolanmoqda.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, hujumchi maktabga kirishi bilan atrofga oʻq uza boshlagan, keyin esa bino ichiga kirib, duch kelgan tomonga qarata otgan. Oʻquvchilar vahima ichida sinfxonalarga yashirinib, oʻzlarini himoya qilishga uringan.
Hozirda voqea yuzasidan barcha tafsilotlar oʻrganilmoqda.
Avvalroq, AQSHning Minneapolis shahridagi maktablardan birida otishma yuz berganligi haqida xabar bergan edik.
