Chet tili imtihoni natijalari qachon chiqadi?

Chet tili imtihoni natijalari qachon chiqadi?

Mart oyidagi chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari ingliz, nemis, fransuz, arab, turk, italyan (B2, C1), dariy (B2, C1), hind (B2, C1) tillaridan bo‘lib o‘tdi.

 

Imtihonlarning 2026-yil 14-16-mart kunlari yozma shakli bo‘lib o‘tib, unda jami 43 ming nafardan ziyod talabgor ishtirok etdi va 51 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun jarayondan chetlatilgan.

 

Mazkur imtihonning gapirish ko‘nikmasini baholash bosqichi 9-aprel kuni yakunlangan.

 

Imtihon natijalari Vazirlar Mahkamasining ‘‘Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida’’ gi (73-son) qarorida belgilangan tartibga muvofiq e’lon qilinadi.

 

Qarorda natijalar imtihon yakunlangan kundan boshlab 1 hafta ichida e’lon qilinishi belgilangan.

 

Bundan kelib chiqadiki, mart oyida o‘tkazilgan chet tili imtihoni natijalari 16-17-aprel kunlari e’lon qilinadi.

 

Shuningdek, ushbu qarorda test sinovlari yakunlangan kundan boshlab bir hafta ichida testologiya meʼyorlari buzilishi holati aniqlansa, vakolatli organ tomonidan test sinovi natijalari bekor qilinishi belgilangan.

 

Quyidagi holatlarda testologiya meʼyorlari buzilgan deb hisoblanadi:

 

  • test materiallari xavfsizligi va maxfiyligini taʼminlash qoidalari buzilsa;
  • talabgorlar tomonidan test materiallarini oldindan qoʻlga kiritish holati aniqlansa;
  • test sinovi natijalari tahliliga koʻra taqsimot normal taqsimotdan keskin farq qilsa.

 

Test sinovi natijalari bekor qilingan holatda talabgorlarning xohishiga koʻra vakolatli organga kelib tushgan toʻlov miqdori qaytariladi yoki qayta test sinovlari tashkil etiladi.

 

Ma’lumot uchun, endi bakalavriatni xorijiy tilda yakunlagan talabalardan taʼlimning keyingi bosqichi (magistratura) da xorijiy til sertifikati so‘ralmaydi.