Fargʻonalik 10-sinf oʻquvchi yigit muddatidan oldin maksimal 189 ball bilan, talabalikni naqd qildi.
Fargʻona viloyati, Dangʻara tumanidagi 16 -sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Fozilov Fazliddin Jamshidjon oʻgʻli tegishli 4 ta — tarix (A+), ingliz tili (B2), matematika (C+), ona tili va adabiyot (B) — fandan milliy va xorijiy sertifikatlarni olib, muddatidan oldin maksimal 189 ball bilan talabalikka erishdi.
Fazliddinning soʻzlariga koʻra, onasining oʻqituvchi ekanligi unga katta yordam bergan. Negaki, u 4-sinfligidanoq fanlarga chuqur tayyorlanishni boshlagan.
U matematika fanini erta yoshdan yaxshi oʻzlashtirgani boshqa fanlarni oʻqish va oʻrganishiga ijobiy taʼsir qilganini aytadi. Uningcha, matematika faqatgina hisob-kitobni emas, balki insonning fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi.
Fazliddin milliy va xorijiy sertifikatlarni olishga tayyorgarlikni oflayn qoʻahimcha kurslarga borishdan boshlagan. Ammo u vaqtdan yutqazayotgani va yetarlicha bilim ololmagani uchun onlayn tarzda oʻqishni davom ettirgan.
Fazliddin oʻrgangan fanlaridan hech biri koʻproq qiyinchilik tugʻdirmaganini, lekin boshida fanlardan bezib qolib, oʻqigisi kelmay qolgan kunlar boʻlganini ham eslab oʻtdi.
“Ammo keyinchalik dars qilishdan, yangi narsalarni oʻrganishdan rohatlanishni boshladim. Qancha koʻp dars qilsam, shuncha koʻp maza qilar, maqsadim sari odimlab borayotganimni his qilib turardim. Fanlarni sevib oʻrganganligim menga 15 yoshdayoq tegishli barcha fanlardan milliy va xorijiy sertifikatlarni olib, muddatidan 2-yil oldin talabalikka erishishimga sababchi boʻldi”, — deydi Fazliddin.
Fazliddin dars qilish uchun bir kunda 7-8 soat sarflaganini, shuningdek, uyqu sifatiga ham eʼtibor berganini taʼkidlab oʻtdi. Unga soʻzlariga koʻra, 189 ball olish, aslida, unchalik qiyin emas. Shunchaki, kunni samarali oʻtkazish va toʻgʻri tartiblay olishni bilish kerak.
