Xorazmda 11-sinf o‘quvchisi kerakli fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Xorazmda 11-sinf o‘quvchisi kerakli fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 21-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Jumaboyeva Sadoqat Davronbek qizi tarix fanidan A+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, CEFR B2 va matematikadan C darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlar unga muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini beradi.

 

U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro munosabatlar fakultetiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan imtihonga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va tajribasi haqida suhbatlashdi.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfda paydo bo‘ldi”

 

Sadoqatning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfda paydo bo‘lgan va o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi uni harakatga keltirgan.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfdaligimda kelgan, ochiqchasi sertifikatga tayyorlanish juda qiyin bo‘lmadi, chunki o‘zim yoqtirgan fanlar bo‘lgani uchun har bir fanga chuqur yondashardim.”

 

“Asosiy fanlarga deyarli 1 yil vaqt sarfladim”

 

Sadoqat asosiy fanlardan sertifikat olish uchun deyarli bir yil davomida tayyorlangan.

 

“Har bir fandan sertifikat olish uchun majburiylarimga 2 oy, asosiylarim uchun deyarli 1 yil vaqt ketgan.”

 

Shuningdek, u tayyorgarlik vaqtida kun bo‘yi o‘quv markazida ustozi bilan shug‘ullangan.

 

“Kunlik darslarimni darsdan keyin o‘qish bilan uyg‘unlashtirdim”

 

Sadoqat kunlik darslarini va sertifikat tayyorgarligini birga olib borgan. Dars tayyorlashda qat’iyat va maqsadga erishishga bo‘lgan ishonch unga yordam bergan.

 

“Maktab darsliklarini ertalab 9 gacha bajarardim, sertifikat darsliklarini esa ertalab 9:00 dan boshlab butun kun davomida qilardim.”

 

Shu bilan birga, o‘quvchi ba’zan kechgacha dars tayyorlagan, bu esa uyqu yetishmasligiga olib kelgan.

 

“Aslida menda ham uyqu rejim buzuldi, chunki ba’zan maktab darslari yo‘q kuni ertalab 7:30 dan kechki 19:00 gacha o‘quv markazda bo‘lardim. Uyga kelib ham soat kechki 1-2 gacha dars tayyorlardim va bu uyqu yetishmasligiga olib kelardi”, – deydi u.

 

“Psixologik yordam juda muhim, deb o‘ylayman”

 

U ba’zan tushkunlikka tushgan bo‘lsa-da, ota-onasining va ustozlarining ishonchi uni oldinga undagan.

 

“Albatta, o‘zimda “agar uddalay olmasamchi” degan fikr bo‘lardi, lekin ustozlarim, ota-onam menga har doim motivatsiya berib kelgan. Keyinchalik esa o‘zimga ishonch ortib, intilishdan to‘xtamadim. Aslida, psixologik yordam juda muhim deb o‘ylayman. Sababi, insonda o‘ziga ishonch bo‘lmasa hech bir natijaga erisha olmaydi”.

 

“Testda savollarni to‘g‘ri bog‘lash va vaqtni boshqarish”

 

Imtihonlarda yuqori ball olish uchun o‘quvchi o‘zining test yechish strategiyasini ishlab chiqqan. Ya’ni, u javoblarni savollarga bog‘lash orqali to‘g‘ri javobni toppish mumkinligini ta’kidlaydi.

 

“Testda men har doim javoblarni har birini savolga bog‘layman. Shunda mos kelmagani shu ondayoq yaqqol ko‘rinadi. Bu shakldan har bir sertifikatimda foydalanganman va to‘g‘ri javob olganman.”

 

“O‘qishga ishtiyoqi bo‘lmagan inson, oson chalg‘iydi”

 

Bo‘lg‘usi talaba telefon va ijtimoiy tarmoqlardan cheklanishga uncha urinmagan. Chunki u o‘zida o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi balandligi, asosiy maqsad o‘qish ekanligini yaxshi tushungan.

 

“Aslida, menda ilgaridan beri telefonga chalg‘ish muammosi bo‘lmagan. Sababi, o‘qish kerakligini anglaganman. Ammo, ba’zi o‘quvchilar haddan tashqari ko‘p chalg‘iydi, bu avvalo o‘quvchini onggiga bog‘liq. Agar o‘qishga ishtiyoq bo‘lmasa, bunday chalg‘ishlarga osongina yengiladi.”

 

“Maqsadga erishish uchun izlaning va o‘rganing”

 

Sadoqat o‘zining muvaffaqiyatini o‘rganish va izlanish bilan bog‘laydi. U o‘quvchilarga o‘ziga ishonishni va maqsadga erishish uchun intilish kerakligini maslahat beradi.

 

“Muhimi o‘zingizga va kuchingizga ishoning. Dastlab, men bunday natijaga erishishimga ishonmaganlar ko‘p bo‘lgan, bu esa yanada olg‘a intilishimga turtki bo‘lgan. Iloji boricha izlaning, o‘rganing. Agar hatto telefon qurboni bo‘lsangiz ham kerakli ma’lumot to‘plashdan voz kechmang”, – deydi u.

 

“Bilimga kuchli e’tibor qaratishlarini xohlardim”

 

“Hozirda maktablarda yanada ko‘plab imkoniyatlar paydo bo‘lyapti. O‘quvchilar katta yutuqlarga erishmoqda. Ammo maktablarda xulqi buzuq o‘quvchilar ham yo‘q emas. Shunday ekan nazorat kuchayishini va o‘qituvchilar bilimiga kuchli e’tibor qaratishini xohlagan bo‘lar edim. Chunki har bir o‘quvchining tug‘ma bir qobiliyati bor, hatto xulqi yomonlarning ham, va buni ko‘ra bilish lozim.”

 

“Hozirda IELTS’ga tayyorlanyapman”

 

Kelajakda o‘z bilimlarini yanada oshirishni maqsad qilgan Sadoqat IELTS sertifikatini olishni rejalashtirmoqda. Suhbat yakunida bu uning maqsadlarini boshlanishi ekanini bildiradi.

 

“Hozirda IELTS’dan tayyorlanyapman, chunki ingliz tilini mukammal egallab, chet ellarda o‘qishni xohlayman. Bu IELTS so‘nggi sertifikatim emas, bu faqat boshlanishi, oldinda meni ko‘plab til va nufuzli universitetlar kutib turibdi.”

 

Avvalroq, Parkentlik 11-sinf o‘quvchisi bir nechta fanlardan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.