So‘nggi vaqtlarda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan turli noxush holatlar kuzatilmoqda.
Mazkur holatlardan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova tizimdagi ta’lim muassasalari xodimlariga murojaat bilan chiqib, pedagoglardan bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularga nisbatan doimo hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish talab etilishini qat’iy ta’kidladi.
Hurmatli pedagoglar va ta’lim muassasalari xodimlari!
Barchangizga yaxshi ma’lum, bugungi kunda ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan har bir xodim zimmasiga nihoyatda yuksak mas’uliyat yuklatilgan. Sizlarning kasbiy mehnatingiz hamda bolalarga bo‘lgan munosabatingiz ularning nafaqat bilim olishi, balki barkamol shaxs sifatida shakllanishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi va hayotga bo‘lgan qarashlariga bevosita ta’sir qilmay qolmaydi.
Zero, har bir bola – jamiyatimizning bir bo‘lagi, ertangi kunimizni belgilovchi ulkan kuch, kelajak bunyodkoridir.
Shu ma’noda aytish lozimki, bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ularning ruhiy holatini ehtiyotkorlik bilan asrash ta’lim tizimi xodimlarining asosiy kasbiy shioriga aylanmog‘i lozim.
Har qanday noo‘rin xatti-harakat, beparvolik yoki loqaydlikning oldini olish, pedagogik etika me’yorlariga qat’iy amal qilish va yuksak kasbiy madaniyatni namoyon etishingiz zarur.
Hurmatli pedagoglar!
Men nafaqat soha yetakchisi, balki ona va buvi sifatida ham sizlarga murojaat qilmoqchiman: har bir bola – mehr va e’tiborga munosib, qalbi nozik va ishonchi beg‘ubor bo‘lgan noyob olamdir.
Ular bizga katta umid va ishonch bilan qaraydi, bizning munosabatimiz orqali hayotni anglaydi. Farzandlarimizga qanday mehr va munosabat ko‘rsatsak, ular kelajakda shunday insonlar bo‘lib voyaga yetadi.
Shunday ekan, har bir so‘zimiz va harakatimiz bolalar qalbida qanday iz qoldirishini chuqur his etishimiz lozim.
Hurmatli hamkasblar!
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sizlardan ta’lim muassasalarida sog‘lom, ijobiy va insonparvar muhitni ta’minlash, bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularga nisbatan doimo hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishni qat’iy talab qilaman. Har bir vaziyatda amaldagi qonunchilik, ichki tartib-qoidalar hamda kasbiy etika talablariga to‘liq amal qilinishi shart.
Mazkur masalada loqaydlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir xodim o‘z faoliyati natijalari uchun shaxsan javobgar ekanligini chuqur anglab yetishi zarur.
Rahbar sifatida sizlardan yuksak mas’uliyat, doimiy hushyorlik va fidoyilikni kutaman, — deyiladi murojaatnomada.
Eslatib o‘tamiz: Navoiy shahrida tarbiyachi bolalarga qo‘pollik qilib, ularga qo‘l ko‘targani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani qo‘shimcha izoh berib, unda pedagog va tarbiyachilar ishga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak deyilgan edi.
