O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalaridagi 18–30 yoshdagi mahkumlar uchun zamonaviy raqamli kasblar bo‘yicha yangi ta’lim tizimi joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning 2026-yil 27-martdagi PQ–117-son qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, jazoni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga qaratilgan “Ikkinchi imkon” ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi amalga oshiriladi.
Loyihaning dastlabki bosqichi 2026-yil 1-iyundan Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida boshlanadi, 2027-yil 1-martdan esa respublikaning boshqa hududlarida yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur doirasida mazkur yoshlar 8–12 oylik intensiv kurslar orqali zamonaviy kasblarga, shuningdek, ingliz, rus, xitoy va boshqa xorijiy tillarga o‘qitiladi.
Kurs yakunida tegishli dasturlarni oʻzlashtirganlarga elektron shakldagi sertifikat beriladi.
Mazkur o‘quv kurslariga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlarni sodir etgan jazoni o‘tayotgan yoshlar jalb qilinadi.
O‘quv xonalari zamonaviy kompyuter jihozlari, elektron doskalar va zarur adabiyotlar bilan ta’minlanadi, internet xarajatlari Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bundan tashqari, sertifikat olgan iqtidorli yoshlarni jazoni ijro etish muassasasida va ozodlikka chiqqanidan keyin ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish choralari ham belgilanmoqda.
Avvalroq, mahkuma ayollarga ham oliy ta’limda o‘qish imkoniyati berilishi haqida xabar bergan edik.
