Prezident bilan uchrashgan qiz TerDU talabasi bo’ldi

Prezident bilan uchrashgan qiz TerDU talabasi bo’ldi

Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrib, massivida joylashgan ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi.

 

Uchrashuv jarayonida Prezident 2-guruh nogironi, iqtidorli o‘quvchi Feruza Jumagulova bilan suhbatlashib, uning orzu-intilishlari bilan qiziqdi. Feruza davlat rahbariga Termiz davlat universiteti talabasi bo‘lish niyatini bildirgan. Davlat rahbari tashabbusi bilan o‘quvchi qiz 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab grant asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.

 

Mazkur xabar Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Sirajev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov hamda viloyat mutasaddilari ishtirokida maktab jamoasi va Feruzaning oila a’zolariga yetkazildi.

 

Tadbir yakunida Feruza Jumagulovaga grant asosida o‘qishga qabul qilinishi haqida sertifikat topshirildi hamda unga kelgusidagi ta’lim yo‘lida muvaffaqiyat tilandi.

 

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 24-fevral kuni yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o’tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etib, qo‘shiq kuylagan xorazmlik Otamurod ismli 4-sinf o‘quvchisiga avtomobil sovg‘a qilingan edi.