Hukumatning joriy yil 25-fevraldagi qaroriga ko‘ra, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 14–30 yoshdagi (31 yoshga to‘lmagan) a’zolari ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi muddatli o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya olishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-fevraldagi 78-son qarori bilan ‘‘Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’ 2022-yil 7-iyundagi 312-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur tartibga ko‘ra, ariza beruvchi subsidiya ajratishni so‘rab belgilangan tartibda, davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud Yoshlar yagona elektron platformasi orqali murojaat qiladi.
Talabgorlar quyida keltirilgan 10-ilovadagi ariza shaklini to‘ldirib murojaat qiladi. O‘qish xarajatlari uchun 6 oygacha har oyda BHMning 1 baravariga teng miqdorda mablag‘ ajratiladi.
Ushbu subsidiya Yoshlar yagona elektron platformasidan roʻyxatdan oʻtgan taʼlim tashkilotlariga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishlaridagi muddatli oʻquv kurslarida oʻqish xarajati uchun oʻtkazib beriladi.
Ariza beruvchining majburiyatlari
Ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishlaridagi oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlari uchun subsidiya ajratilishi munosabati bilan ariza beruvchi bilan tuziladigan ijtimoiy shartnomada ariza beruvchining zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
- volontyorlik loyihalarida ishtirok etish;
- 6 oy davomida “Mutolaa” loyihasi doirasida har oyda bitta kitob mutolaa qilish;
- “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlov va musobaqalarning kamida bittasida ishtirok etish.
Ta’lim tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar
Quyidagi talablar bajarilganda taʼlim tashkiloti Yoshlar yagona elektron platformasidan roʻyxatdan oʻtkaziladi:
a) taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha litsenziya yoki xabarnoma qabul qilingani toʻgʻrisidagi tasdiqnoma, YaTTlar uchun faoliyat turi boʻyicha tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtganligi boʻyicha maʼlumot Yoshlar yagona elektron platformasi orqali avtomatik tarzda aniqlanadi;
b) Yoshlar yagona elektron platformasi orqali quyidagi hujjatlar (pdf formatda) taqdim etiladi:
– taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida faoliyat yuritishini tasdiqlovchi hujjatlar;
– ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim beruvchi oʻqituvchilarning diplom yoki malakasini tasdiqlovchi hujjat va JSHSHIR maʼlumoti;
v) taʼlim tashkiloti ariza beruvchilarning oʻquv mashgʻulotlarida qatnashganini kunlik elektron nazorat qilish imkonini beruvchi biometrik identifikatsiya tizimiga (Face ID) ega boʻlishi va ushbu tizimni Yoshlar yagona elektron platformasiga integratsiya qilishi talab etiladi.
To‘lov tartibi
“Mahalla yettiligi” subsidiya ajratish haqida qaror qabul qilgan taqdirda, “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan har oylik toʻlovlar keyingi oyning 5-sanasiga qadar (ariza beruvchining ijtimoiy shartnoma shartlarini avvalgi oydagi bajarish darajasi hamda davomati holatiga mos holda) shartnomaga asosan taʼlim tashkilotining bank hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
Avvalroq,‘‘Ijtimoiy reyestrʼʼga kiritilgan ayrim yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganish boʻyicha oʻquv xarajatlari qoplab berilishi haqida xabar bergan edik.



