Bugun, 28-fevral kuni 2026-yil bahorgi pedagoglar uchun malaka (toifa) attestatsiyasiga hujjat topshirishning oxirgi kuni. Quyida ushbu jarayonga oid muhim ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Pedagoglar attestatsiyada ishtirok etish uchun murojaatlarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedagog.uzedu.uz platformasi orqali (ONE ID tizimi orqali shaxsiy kabinetga kirib) yuborishlari mumkin.
Shuningdek, arizalarni:
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz,
davlat xizmatlari markazlari orqali ham topshirish mumkin.
Attestatsiya jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
yanvar–fevral — murojaatlar qabul qilinadi;
mart–may — malaka (test) sinovlari o‘tkaziladi;
iyun — sertifikatlar beriladi.
Malaka toifalari bosqichma-bosqich beriladi
Hukumatning 2021-yil 7-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, attestatsiya ikki bosqich natijalariga ko‘ra baholanadi.
Mutaxassis yoki oliy ma’lumotli o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
60 ball va undan yuqori natija olsa — attestatsiyadan o‘tgan hisoblanadi va ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi) beriladi;
55–59 ball to‘plasa — attestatsiyadan o‘tgan hisoblanadi va amaldagi lavozimi saqlanadi;
55 balldan kam natija olsa — attestatsiyadan o‘tmagan deb hisoblanadi (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagoglar bundan mustasno).
Malaka toifalari bosqichma-bosqich beriladi, ya’ni toifalarni “sakrab” o‘tish mumkin emas (alohida yutuqlar uchun beriladigan istisno holatlar bundan mustasno).
O‘qituvchi attestatsiyadan o‘ta olmasa nima bo‘ladi?
Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga ketma-ket ikki martagacha jalb etiladi.
Agar pedagog:
ikki urinishda ham attestatsiyadan o‘ta olmasa yoki
uzrli sababsiz attestatsiyada qatnashmasa,
u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodim malakasi yetarli emasligi sababli qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin.
Ketma-ket ikki marta navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etish uchun ta’lim tashkiloti rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan pedagog keyinchalik faqat kasbiy sertifikatlash sinovidan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng pedagog sifatida qayta ishga qabul qilinishi mumkin.
Qaysi holatlarda murojaatlar rad etiladi?
Quyidagi holatlarda davlat xizmati ko‘rsatish rad etilishi mumkin:
ariza elektron raqamli imzo yoki SMS tasdiq bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa;
noto‘g‘ri ma’lumot yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilgan bo‘lsa;
hujjatlar to‘liq topshirilmagan bo‘lsa;
davlat xizmati uchun belgilangan yig‘im to‘lanmagan bo‘lsa (majburiy attestatsiya holatlari bundan mustasno).
Mazkur asoslardan tashqari sabablar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Murojaatdagi xatolar tuzatilsa, qayta to‘lov qilinadimi?
Hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan taqdirda pedagogga xabarnoma yuboriladi. Pedagog hujjat topshirish muddati tugaguniga qadar kamchiliklarni bartaraf etib, qayta murojaat yuborishi mumkin.
Bunda davlat xizmati uchun yig‘im qayta undirilmaydi.
To‘lov qachon qaytariladi?
Pedagog davlat xizmatidan foydalanishdan istalgan bosqichda voz kechishi mumkin, biroq bu holatda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
Quyidagi pedagogga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda to‘lov qaytariladi:
pedagogning vafot etishi;
mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishi;
mehnat shartnomasi bekor qilinishi sababli xizmatdan foydalanish zarurati qolmagan bo‘lsa.
Attestatsiyaga oid namunaviy testlarni quyidagi botlar yordamida bepul bajarishingiz mumkin:
O’zbek tilida: 👉 https://t.me/uztditestbot
Rus tilida: 👉https://t.me/uztditest_rusbot
Qoraqalpoq tilida: 👉 https://t.me/uztdi_qrtestbot
