Attestatsiya uchun to‘lov qilishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Attestatsiya uchun to‘lov qilishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?

2026-yil yanvar–iyun oylarida oʻtkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish va murojaat yuborish jarayoni joriy yil 6-yanvardan 1-martga qadar davom etadi.

 

Talabgorlar ushbu sanagacha malaka sinovlarida qatnashish uchun ariza topshirib, belgilangan toʻlovni amalga oshirgan boʻlishlari lozim.

 

Oldingi yillarda arizasini kechroq topshirgan pedagoglarga hujjatlarni tahrirlash uchun qoʻshimcha imkoniyat berilgan holatlar ham kuzatilgan. Ammo pedagoglarga arizani oxirgi muddatga qoldirmaslik, imkon qadar ertaroq roʻyxatdan oʻtib, toʻlovni amalga oshirish tavsiya etiladi.

 

Oʻz vaqtida toʻlovni toʻliq amalga oshirmagan arizalar esa koʻrib chiqilmaydi.

 

Agar pedagog arizani soʻnggi kunlarda topshirib, uni toʻldirish jarayonida xatoga yoʻl qoʻysa, ariza rad etilishi mumkin. Keyin uni qayta tahrirlash imkoniyati boʻlmaydi. Chunki bu holatda belgilangan muddat tugagan boʻladi.

 

Biroq ariza topshirish muddati yakunlanmagan boʻlsa, pedagoglar aniqlangan kamchiliklarni tuzatib, arizani qayta yuborishlari mumkin. Bunda davlat xizmati uchun yigʻim takroran undirilmaydi.

 

Shuningdek, quyidagi holatlarda davlat xizmatlari markazi yoki Vakolatli vazirliklar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishi rad etilishi mumkin:

 

— pedagog kadrlar tomonidan soʻrovnomaning elektron raqamli imzo yoki imzoni identifikatsiya qilishning boshqa vositalari yoxud SMS-xabarnoma bilan tasdiqlanmaganligi;

 

— pedagog kadrlar tomonidan notoʻgʻri maʼlumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilgani maʼlum boʻlib qolganligi;

 

— soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarning toʻliq taqdim etilmaganligi;

 

— attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatganlik uchun belgilangan yigʻimning toʻlanmaganligi (pedagog kadrni navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻtkazish holatlari bundan mustasno).

 

Avvalroq, toifa olish uchun roʻyxatdan oʻtish va murojaat yuborish jarayoniga oid muhim savollarga javoblar haqida xabar bergan edik.