Toifa olish uchun roʻyxatdan oʻtish va murojaat yuborish toʻxtatilishiga 6 kun qoldi: Jarayonga oid muhim savollarga javoblar

Toifa olish uchun roʻyxatdan oʻtish va murojaat yuborish toʻxtatilishiga 6 kun qoldi: Jarayonga oid muhim savollarga javoblar

Xabaringiz bor, Maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlari uchun 2026-yil yanvar-iyun oylarida oʻtkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish va murojaat yuborish 2026-yilning 6-yanvar kunidan boshlangan va 1-martga qadar davom etadi.

 

Murojaatlarni:

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining veb-saytidagi pedagog.uzedu.uz (pedkadr.uzedu.uz) – platformasi orqali (ONE ID-tizimi orqali shaxsiy kabinetga kiriladi va tegishli maʼlumotlar kiritiladi:

 

– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali;

 

– davlat xizmatlari markazlari orqali yuborish mumkin.

 

Bunda:

  • yanvar-fevral oylarida murojaatlar qabul qilinadi;
  • mart-may oylarida malaka (test) sinovlari oʻtkaziladi;
  •  iyun oyida Sertifikatlar tarqatiladi.

 

Eslatib oʻtamiz: Malaka toifa sinovlari Vazir jamgʻarmasidan har oylik ustama olish uchun hamda ‘‘Yil oʻqituvchisi’’ tanlovining birinchi bosqich saralash sinovi ham hisoblanadi. Shuningdek, mazkur attestatsiyada 86 va undan yuqori ball toʻplab olingan yoki saqlab qolingan oliy hamda birinchi malaka toifalari uchun keyingi ikki yil davomida 70% ustama toʻlab beriladi.

 

Pedagog platformasida Malaka toifasining Toʻgʻridan-toʻgʻri turi uchun qanday murojaat yuborish mumkin?

 

Quyidagi ketma-ketlikda amallar bajariladi:

 

1. pedagog.uzedu.uz havolasi orqali platformaga kiriladi, va yuqoridan ‘‘Kirish’’ tugmasiga bosiladi.

 

2. Menyudan ‘‘Diplom maʼlumotlarim’’ boʻlimiga kiriladi.

 

3. Diplom maʼlumotingiz, koʻrinmagan holatda, diplom.edu.uz saytida mavjudligi va holati ‘‘Tasdiqlangan’’ statusda ekanligini tekshirishingiz kerak boʻladi. Agar diplom maʼlumotlaringiz tizimda mavjud va tasdiqlangan statusda boʻlsa, ‘‘Pedagog’’ platformasiga qaytib ‘‘Maʼlumotlarni yangilash’’ tugmasiga bosishingiz kerak boʻladi.

 

4. Diplom maʼlumotlarini tekshirib olganingizdan keyin, Menyudagi ‘‘Murojaatlarim’’ boʻlimiga kiriladi va u yerdan ‘‘Murojaat yuborish’’ tugmasi bosiladi.

 

5. Oynadan kerakli murojaat turi tanlanadi va ‘‘Keyingisi’’ tugmasi bosiladi.

 

6. Keyingi ochilgan oynadan diplom maʼlumoti tanlanadi va ‘‘Keyingisi’’ tugmasi bosiladi.

 

7. Keyingi oynada siz oʻzingiz ishlayotgan tashkilot maʼlumotlarini tanlashingiz kerak boʻladi.

 

8. Keyingi oynada ‘‘Attestatsiya maʼlumotlari‘‘ toʻldiriladi.

 

9. Keyingi oynada Toʻgʻridan-toʻgʻri attestatsiya turi uchun imtiyoz beruvchi tur tanlanadi va imtiyoz fayl (PDF) yuklanadi va keyingi tugmasi bosiladi.

 

10. Oxirgi qadam barcha maʼlumotlar toʻgʻriligi tekshiriladi va ‘‘Yuborish’’ tugmasi bosiladi.

 

Shuningdek, yangilangan Pedagog platformasida Malaka toifasini (toʻgʻridan-toʻgʻri, navbatdagi majburiy va navbatdan tashqari) olish uchun Murojaat yuborish jarayonida qadamlar ketma-ketligi batafsil videoda ham tushuntirilgan.

 

Videoni koʻrish

 

Mutaxassis lavozimidagi pedagog bahorgi attestatsiyada qatnashsa nechanchi toifani oladi?

 

Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son Nizomning 44-bandiga koʻra, malaka toifalari ikkita bosqich natijalariga koʻra:

 

g) mutaxassis yoki oliy maʼlumotli oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadr:

 

60 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) berilgan;

 

55 balldan 59 ballgacha koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi saqlangan;

 

55 balldan kam koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtmagan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno) hisoblanadi.

 

Maʼlumot uchun, malaka toifalarini oshirish yoki tushirish bosqichma-bosqich, yaʼni bir pogʻona koʻtarish yoki bir pogʻona tushirish orqali amalga oshiriladi (alohida yutuqlari uchun toʻgʻridan-toʻgʻri (attestatsiyadan oʻtkazilmasdan) beriladigan malaka toifalari bundan mustasno).

 

Qanday holatlarda pedagoglarga malaka toifasi attestatsiyadan oʻtkazilmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi?

 

Nizomning 8-bandiga koʻra, quyidagi pedagog kadrlarga malaka toifasi (lavozim)toʻgʻridan-toʻgʻri (attestatsiyadan oʻtkazilmasdan) beriladi:

 

1.Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan roʻyxati tasdiqlanadigan sport musobaqalarining:

 

xalqaro hamda respublika bosqichida 3-oʻrinni egallagan tarbiyalanuvchisini tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yoʻriqchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

 

xalqaro hamda respublika bosqichida 2-oʻrinni egallagan tarbiyalanuvchisini tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yoʻriqchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

 

xalqaro hamda respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan tarbiyalanuvchisini tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yoʻriqchilariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

 

2. Belgilangan tartibda tasdiqlanadigan xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika, hududiy va jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari kalendar-rejalariga kiritiladigan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan xalqaro va respublika miqyosidagi rasmiy sport yoki ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari roʻyxatiga kiritilgan sport musobaqalarining:

 

xalqaro hamda respublika bosqichida 3-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

 

xalqaro hamda respublika bosqichida 2-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

 

xalqaro hamda respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

 

3. Jismoniy tarbiya fani olimpiadasining, shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi”, olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarining:

 

respublika (final) bosqichida 3-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

 

respublika (final) bosqichida 2-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

 

respublika (final) bosqichida 1-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

 

4. Xalqaro matematika (IMO), fizika (IPhO), kimyo (ICHO), biologiya (IBO) informatika (IOI) olimpiadalarida oltin, kumush yoki bronza medalni (birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinni) qoʻlga kiritgan sovrindor oʻquvchini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi).

 

Pedagog platformasida ish staji notoʻgʻri koʻrsatilgan holatda nima qilish kerak?

 

Yuqoridagi savol holatga oʻxshash vaziyatlarda quyidagilarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

 

Birinchi qadam: Taʼlim tashkilotida pedagoglarning ish faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT)my.mehnat.uz -saytiga kiritishga masʼul boʻlgan shaxs (kadrlar boʻyicha menejer yoki shu masalaga masʼul qilib biriktirilgan direktor oʻrinbosari va h.k.z) tomonidan maʼlumotlar toʻliq va toʻgʻri kiritilganligi tekshirib koʻriladi.

 

Ikkinchi qadam: Pedagog tomonidan ONE ID tizimi orqali pedagog.uzedu.uz — platformasidagi shaxsiy kabinetga kiriladi va ‘‘pedagog maʼlumotlarini yangilash’’ tugmachasi bosiladi.

 

Platforma orqali vazir jamgʻarmasi ustamasiga nomzod boʻlish uchun nima qilish kerak?

 

Murojaat yuborayotganda “Siz Vazir jamgʻarmasi ustamasiga daʼvogarlik qilish uchun tanlovda ishtirok etasizmi?” degan joyiga “ha” yoki “yoʻq” javoblari turibdi.

 

– Ha – demak, siz natijalaringiz Vazir jamgʻarmasidan toʻlab beriladigan ustamalarga nomzodlar qatorida koʻrib chiqilishiga oʻz roziligingizni bildiryapsiz.

 

– Yoʻq– demak, siz natijalaringiz Vazir jamgʻarmasidan toʻlab beriladigan ustamlarga nomzodlar qatorida koʻrib chiqilishiga rozi emasligingizni bildiryapsiz.

 

Navbatdan-tashqari attestatsiya natijalari past boʻlsa, amaldagi toifaga taʼsir qiladimi?

 

Navbatdan-tashqari attestatsiya natijalarida past koʻrsatkich qayd etilsa ham, amaldagi toifa pasaytirilmaydi, salbiy qaror qabul qilinmaydi.

 

Toifa olishda malaka oshirganligi uchun yoki malaka oshirish kurslarida toʻplagan ballari qoʻshib beriladimi?

 

Maʼlumki, Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalarini berish Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida amalga oshiriladi.

 

Mazkur Nizomda malaka oshirish kurslarida tahsil olganligi uchun yoki kurslarda toʻplangan ballar toifa olishda ball qoʻshib berilishi (inobatga olinishi) koʻzda tutilmagan.