O‘quvchilar o‘rtasida ‘‘Turon’’ maktab teatri va ‘‘Iqtidor’’ maktab ansambli tanlovlarini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

O‘quvchilar o‘rtasida ‘‘Turon’’ maktab teatri va ‘‘Iqtidor’’ maktab ansambli tanlovlarini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligining 2026-yil 10-fevralda ‘‘‘‘Turon’’ maktab teatri va ‘‘Iqtidor’’ maktab ansambli respublika tanlovlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida’’gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, ‘‘Turon’’ maktab teatri va ‘‘Iqtidor’’ maktab ansambli tanlovlarini o‘tkazish tartibi belgilangan.

 

‘‘Turon’’ maktab teatri tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi

 

Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan o‘quvchilar o‘zlari tahsil olayotgan maktab jamoasi tomonidan shakllantirilayotgan jamoa tarkibida ishtirok etadi. Tanlov davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 6–10-sinf o‘quvchilaridan (8 nafardan oshmagan) iborat jamoalar o‘rtasida 3 bosqichda tashkil etiladi:

 

  • birinchi bosqich – tuman (shahar) bosqichi bo‘lib, umumta’lim maktablari o‘rtasida har yili mart oyi davomida o‘tkaziladi (maktab soni ko‘p bo‘lgan tuman (shahar)larda tanlovning maktablararo bosqichlarini o‘tkazish tavsiya etiladi);

 

  • ikkinchi bosqich – hududiy bosqichi bo’lib, tuman (shahar) bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar o‘rtasida har yili aprel oyi davomida o‘tkaziladi. Tanlov birinchi (tuman, shahar) va hududiy (viloyat) bosqichlari 2 ta shart asosida tashkil etiladi:

 

I shart: ‘‘Bizning maktab’’ sharti. Ushbu shartda ishtirokchi jamoalar 6 daqiqa davomida tahsil olayotgan maktabining erishgan yutuqlarini badiiy, musiqiy hamda sahna ko’rinishi orqali tanishtiradi. Mazkur shart uchun jami 6 daqiqa vaqt qjratilib, 10 ballik tizimda baholanadi.

 

II shart: ‘‘Teatr – ibratxona’’ sahna spektakli sharti. Ushbu shartda ishtirokchi jamoalar milliy va umuminsoniy qadriyatlar va an’analarimizga zid bo‘lmagan, tarbiyaviy ahamiyati bor asarlardan birini tanlab, sahna spektaklini namoyish etadilar. Shart uchun 15 daqiqagacha vaqt ajratiladi, 30 ballik tizim asosida baholanadi.

 

  • uchinchi bosqich – respublika bosqichi bo‘lib, iyun oyida o‘tkaziladi. Ushbu bosqich 3 ta shart asosida tashkil etiladi.

 

Ma’lumot uchun, ushbu tanlovning tuman, hududiy va Respublika bosqichlari bo‘lib o‘tadigan joyi, sanasi Respublika ishchi guruhi tomonidan belgilanadi hamda 10 kun oldin ishtirokchilarga ma’lum qilinadi.

 

G‘oliblarni taqdirlash

 

Tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchi jamoalar:

 

  • tuman (shahar) bosqichida – diplom va esdalik sovg‘alari;
  • hududiy bosqichda – tanlov statuetkasi, maxsus diplom hamda esdalik sovg‘alari;
  • respublika bosqichida – 2-3-o‘rinni egallagan jamoalarning maktab faollar zali uchun interaktiv doska;
  • 1-o’rinni egallagan jamoa xorijiy mamlakatga ta’lim sayohati yo‘llanmasi bilan taqdirlanadi.

 

‘‘Iqtidor’’ maktab ansambli tanlovini tashkil etish va o’tkazish tartibi

 

Mazkur tanlov har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladi. Tanlovda umumta’lim maktablarining 6-10-sinf o‘quvchilari jamoaviy tarzda ishtirok etadilar.

 

Tanlov 3 bosqichda o‘tkaziladi:

 

  • birinchi bosqichi – tuman va shaharlardagi musiqa va san’at maktablarida har yili aprel oyida;

 

  • ikkinchi bosqichi (hududiy bosqichi) musiqa va san’at, ixtisoslashtirilgan san’at maktablari, viloyat musiqali drama teatrlari hamda viloyat konsert zallarida har yili may oyida;

 

  • uchinchi (respublika) bosqichi iyun oyida o‘tkaziladi.

 

Tanlovning o‘tkazish muddati Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan kamida 10 kun oldin e’lon qilinadi.

 

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash

 

Ushbu tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchi jamoalar quyidagi sovrinlar bilan taqdirlanadi:

 

  • tuman (shahar) bosqichida – diplom va esdalik sovg’alari;
  • hududiy bosqichda – tanlov statuetkasi, maxsus diplom hamda esdalik sovg’alari;
  • respublika bosqichida – 2-3-o‘rinni egallagan jamoalarning umumta’lim maktablari uchun interaktiv doska;
  • 1-o‘rinni egallagan jamoa xorijiy mamlakatga ta’lim sayohati yo‘llanmasi.

 

Appelyatsiya jarayoni

 

‘‘Turon’’ maktab teatri va ‘‘Iqtidor’’ maktab ansambli tanlovlar natijalaridan norozi bo‘lgan ishtirokchilar tanlov yakunidan so‘ng, 15 daqiqa ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi shart. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun 3 kishidan iborat Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.

 

Muhim! Shikoyatlar taqdim etilgandan so’ng, Apellyatsiya komissiyasi tomonidan 1 soat ichida ko’rib chiqilib, asoslangan tarzda o‘rganish natijasi shikoyatchiga ma’lum qilinadi. E’tirozlar (apellyatsiya) ikkinchi marotaba qabul qilinmaydi va qayta ko‘rib chiqilmaydi.