Hozirgi bolalar eshitilishni xohlaydi: ota-onalar uchun 6 muhim tavsiya

Hozirgi bolalar eshitilishni xohlaydi: ota-onalar uchun 6 muhim tavsiya

Zamonaviy oilaviy tarbiyada hanuzgacha “Kattalar gapirganda jim tur”, “Fikringni aytishga hali kichkinasan” kabi iboralar uchrab turadi. Ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan taqdim etilgan materialda bunday yondashuv bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini pasaytirishi va uning fikri qadrsiz ekani haqidagi tasavvurni shakllantirishi ta’kidlangan.

 

Doimiy ravishda fikrining inkor etilishi esa uni ichki jihatdan yopiq, tashabbussiz va mas’uliyatdan qochadigan shaxsga aylantirishi mumkin. Natijada, bola o‘z nuqtayi nazarini himoya qilish, muzokara olib borish va shaxsiy chegaralarini belgilash ko‘nikmalarini rivojlantira olmaydi.

 

Ta’limni rivojlantirish markazi mutaxassislari ota-onalarga bolalarni eshitish va ularga fikr bildirish imkonini berish zarurligini tavsiya etadi. Bolalarning fikri har doim to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin, biroq bola o‘z ovozi qadrli ekanini his qilishi muhim.

 

Ota-onalar nima qilishi kerak?

 

Tarbiyada ota-onalar “Men kattaman – demak, men haqman” degan pozitsiyadan “Men yo‘lboshchi va hamkorman” degan pozitsiyaga o‘tish — zamonaviy ota-onalar oldidagi asosiy vazifasi hisoblanadi.

 

Bu yondashuvni amalda qo‘llashga yordam beradigan qadamlar:

 

  1. “Oilaviy kengash” ni joriy eting. Haftada bir marta butun oila jam bo‘lib, kechki ovqat menyusidan tortib ta’til uchun joy tanlashgacha bo‘lgan rejalarni birga muhokama qiling.

 

Bu qanday ishlaydi: Bolaga kattalar bilan teng fikr bildirish huquqini bering. Agar uning g‘oyasini amalga oshirish imkonsiz bo‘lsa (masalan, «Marsga uchishni xohlayman» desa), uni masxara qilmang, aksincha nimalar to‘sqinlik qilishini birga muhokama qiling: byudjet, vaqt yoki imkoniyat. Bu bolani o‘z takliflari uchun mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatadi.

 

  1. “Chunki men shunday dedim” demang, ‘‘Nega?’’ligini tushuntiring. Hozirgi avlod bolalari tanqidiy fikrlaydi, ular ko‘r-ko‘rona bo‘ysunishni qabul qilmaydi.

 

Bu qanday ishlaydi: Agar biror narsani taqiqlasangiz, sababini xavfsizlik yoki mantiq bilan asoslab bering. Bola sabab-oqibat bog‘liqligini tushunganida, qoidalarga ko‘proq amal qiladi, chunki u o‘z aqli va fikri hurmat qilinayotganini his qiladi.

 

  1. Mas’uliyat yuklang. Bolaga ma’lum masalalarda o‘zi qaror qabul qilishiga imkon bering.

 

Bu qanday ishlaydi: Qaysi to‘garakka borishni o‘zi tanlasin. Bu bolada ‘‘men o‘z hayotimga ta’sir o‘tkaza olaman’’ degan ishonchni shakllantiradi.

 

  1. Diqqat bilan tinglang. Ko‘pincha ota-onalar bolani faqat javob berish yoki tuzatish uchun tinglaydi.

 

Bu qanday ishlaydi:  “aks ettirish” (oynadek qaytarish) usulidan foydalaning:  “Men to‘g‘ri tushundimmi, biz botanika bog‘iga bormaganimiz uchun xafa bo‘ldingmi?”

 

Bola uni rostan ham eshitishganini his qilsa, o‘z fikriga e’tibor qaratish uchun baqirishga yoki injiqlik qilishga hojat qolmaydi.

 

  1. Xatoyingizni tan oling. Kattalar va bolalar o‘rtasidagi chegaralar o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda, obro‘ — samimiylik ustiga quriladi.

 

Bu qanday ishlaydi: Agar nohaq bo‘lsangiz yoki qattiq gapirib yuborsangiz, uzr so‘rang. Bu obro‘yingizni to‘kmaydi, aksincha, bolaga to‘g‘ri o‘rnak bo‘ladi: xato qilish — normal holat, muhimi uni tuzata olishdir.

 

  1. Fikrni asoslashga o‘rgating. Bolalar bahs-munozarada qatnashishni istayaptimi, demak, buni to‘g‘ri bajarishni o‘rgatish kerak.

 

Bu qanday ishlaydi: Agar bola biror narsani xohlasa, unga o‘z istagini yoqlab 3 ta dalil keltirishni taklif qiling. Bu mantiqni va kelajakda (ayniqsa 2026-yildan keyingi davrda) suv va havodek zarur bo‘ladigan muzokara ko‘nikmasini rivojlantiradi.

 

Bolaga ovoz huquqini berish nazoratni yo‘qotish degani emas. Aksincha, bu oilada o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi. Shunday muhitda ulg‘aygan farzand o‘smirlik davrida ham ota-onasidan uzoqlashmaydi, muammolarini ko‘chadan emas, aynan o‘z uyidan hal etishga intiladi.

 

Avvalroq, bolada emotsional intellektni rivojlantirish va ota-onalarga bu borada beriladigan metodik tavsiyalar haqida yozilgan edi.