“Yil o‘qituvchisi” tanlovining 2-bosqichiga 632 nafar pedagog o‘tkazildi – Vazirlik (video)

“Yil o‘qituvchisi” tanlovining 2-bosqichiga 632 nafar pedagog o‘tkazildi – Vazirlik (video)

Bugun, 4-fevral kuni o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagoglari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining birinchi bosqich natijalari hamda ikkinchi bosqichning muhim jihatlari yuzasidan ma’lumot berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, tanlov Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi tegishli qarori asosida tashkil etilmoqda. Unda ishtirok etish uchun nomzodlar oliy yoki birinchi malaka toifasiga, kamida 5 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi hamda o‘quv yilining boshidan ta’lim tashkilotida asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan fan yoki boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lishi lozim.

 

Birinchi bosqich natijalari

 

Qarorga muvofiq, tanlovning birinchi bosqichi 2025-yil avgust–dekabr oylarida o‘tkazilgan malaka sinovlari natijalariga integratsiya qilingan holda tashkil etilgan.

 

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur davrda 175 738 nafar pedagog malaka sinovlarida ishtirok etgan. Ulardan 46 703 nafari “Yil o‘qituvchisi” tanlovi Nizomi talablariga mos kelgani sababli tanlovning birinchi bosqich jarayonlariga jalb qilingan.

 

Tanlov Nizomida birinchi bosqichda har bir tuman (shahar)dan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etgan holda eng yuqori ball to‘plagan 3 nafardan nomzod tanlovning ikkinchi bosqichiga o‘tkazilishi belgilangan. Nomzodlarning ballari teng bo‘lgan taqdirda, ularni tanlab olish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

 

  • amaldagi malaka toifasining yuqoriligi;

  • pedagogik ish stajining ko‘pligi;

  • mutaxassislik fanidan to‘plangan ball.

 

Agar ushbu mezonlar bo‘yicha ham tenglik saqlanib qolsa, istisno tariqasida barcha nomzodlar 2-bosqichga o‘tkaziladi. Natijada, har bir tuman (shahar)dan 3 nafardan, jami 624 nafar pedagog ikkinchi bosqichga yo‘llanma olgan.

 

Apellyatsiya natijalari

 

Shu bilan birga, birinchi bosqich natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar uchun shaxsiy kabinetlari orqali apellyatsiya berish imkoniyati yaratilgan. Belgilangan muddatda 264 nafar pedagogdan apellyatsiya murojaati kelib tushgan.

 

Apellyatsiya komissiyasi tomonidan o‘rganishlar natijasida 8 nafar pedagogning murojaati asosli deb topilib, ular ham tanlovning ikkinchi bosqichiga tavsiya etilgan. Bu haqda nomzodlarning pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy sahifalariga xabarnomalar yuborilgan.

 

Shuningdek, Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bayoniga asosan, birinchi bosqich natijalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, bu haqda hududlardagi pedagoglarga qo‘shimcha xabarnomalar yuborilgan.

 

Ikkinchi bosqich qachon va qanday o‘tkaziladi?

 

Tashkiliy qo‘mita qaroriga ko‘ra, tanlovning ikkinchi bosqichi joriy yilning 10-fevralidan mamlakatning barcha hududlarida belgilangan umumta’lim maktablarida boshlanishi rejalashtirilgan.

 

Ikkinchi bosqichda nomzodlarning:

 

  • o‘z fani bo‘yicha dars o‘tish mahorati hakamlar hay’ati tomonidan 60 ballik tizim asosida;

  • hududdagi pedagoglar tomonidan ovoz berish yo‘li bilan 40 ballik tizim asosida baholanadi.

 

Buning uchun nomzodning 45 daqiqalik dars jarayoni uzluksiz, montajsiz holda videoyozuvga olinib, pedagog.uzedu.uz maxsus platformasiga joylashtiriladi.

 

Hakamlar hay’ati va pedagoglar tomonidan berilgan ballar asosida nomzodning umumiy natijasi shakllantiriladi, biroq ikkinchi bosqich natijalari to‘liq umumlashtirilmaguniga qadar e’lon qilinmaydi.

 

Ikkinchi bosqich yakuniga ko‘ra, har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafar nomzod tanlovning uchinchi bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi. Agar ballar teng bo‘lib qolsa, maxsus platforma orqali qayta ovoz berish tashkil etiladi va eng yuqori ball to‘plagan nomzod keyingi bosqichga o‘tadi.